Luisma Ernandes: "To'p darvozaga kirmasa, g'alaba qozonib bo'lmaydi"

Sherzod Nurmatov
30 avg 2022
Coca Cola Superligasi 17-turidan o'rin olgan "Metallurg" – "Qo'qon-1912" (0:0) o'yinidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Luisma Ernandes fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- O'yin haqida

- Ikki jamoa ham o'yin nazoratini qo'lga olishga urindi. Etarlicha imkoniyatlarga ega bo'ldik. 3 ochko olishimiz mumkin edi, biroq to'p darvozaga kirmasa, g'alaba qozonib bo'lmaydi. 

Futbolchilarimizning o'yinga bo'lgan munosabatidan xursandman. Bugungi bahsdan keyin 3-4 kun dam olamiz. O'ylaymanki, bu foyda keltiradi. 

- Birinchi taymda faolligi bilan ajralib turgan Abror Toshqo'zievning kutilmaganda ikkinchi taymda almashtirilganini nima bilan izohlaysiz?

- Abror Toshqo'ziev jarohat olgani uchun almashtirishga majbur bo'ldik.

- Bektemir Abdumannonov ikki o'yindan buyon faol o'yin ko'rsatmoqda va charchab ulgurmasdan, zaxiraga olinmoqda. Bu nima bilan bog'liq?

- Charchagan-charchamaganini qayerdan bilyapsizlar? Umuman olganda, Bektemir ajoyib o'yin ko'rsatmoqda. Uni o'zgartirishga qaror qildik, bor gap shu.

- Oldinda "Metallurg"ni ketma-ket 3 ta kuchli jamoaga qarshi o'yinlar kutib turibdi – bular "Paxtakor", "So'g'diyona" va "Qizilqum". Jarohat olgan futbolchilar ungacha jarohatdan qutulishadimi?

- Yuqorida aytib o'tganimdek, bugungi o'yindan keyingi dam olish kunlari ko'p o'yinchilarimizga foyda keltiradi. 

Jarohatlanganlar sekin-asta safga qaytmoqda. Jumladan, Behruz Shodmonov ham tez orada safga qaytadi. 

O'ylashimcha, avgust oyida juda yaxshi ishtirok etib, 7 ochko ishladik va turnir jadvalida yaxshi pog'onani egallab turibmiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia