

“Temiryo'lchilar” 2016 yilda uzoq kutilgan chempionlikka erisha olishdi. Qolaversa, jamoa kubok bahslarida ham g'alaba qozonib, oltin dublni rasmiylashtirdi.
Ana endi mavsum yakunlarini e'tiboringizga havola etib boramiz. Kecha “Loko”ning eng yirik hisobdagi g'alabalari haqida ma'lumot bergan edik. Bugun esa “Temiryo'lchilar” safida kimlar hakamlar tomonidan eng ko'p ogohlantirilgani bilan tanishtirib o'tamiz.
Takidlash joizki, oliy liga doirasida “Lokomotiv” futbolchilariga hakamlar tomonidan jami 45 marta sariq kartochka ko'rsatildi. Eng ko'p ogohlantirilgan futbolchi esa – jamoaning tinib-tinchimas yosh yarim himoyachisi Ikrom Aliboev bo'ldi. Ikrom hammasi bo'lib 8 marta sariq kartochka oldi. Keyingi o'rinlarda esa Server Jeparov hamda Marat Bikmaev 6 tadan sariq kartochka bilan joylashishgan. Himoyachilar ichida eng ko'p sariq kartochka olgan futbolchi esa Islom To'xtaxo'jaev bo'ldi. U hakamlar tomondan 4 marta ogohlantirildi. Darvozabonlar orasida esa Ignatiy Nesterovga 2 bor sariq kartochka ko'rsatildi.
ENG KO'P SARIQ KARTOCHKA OLGAN FUTBOLCHILAR:
I. Aliboev – 8ta
S. Jeparov – 6 ta
M. Bikmaev – 6 ta
I. To'xtaxo'jaev – 4 ta
Shu o'rinda qayd etish joizki, “Lokomotiv” jamoasi futbolchilari 6 ta o'yinni “quruq” tarzda o'tkazishdi. Yani 6 ta o'yinda jamoamiz a'zolariga hech qanday kartochka ko'rsatilmadi.
Qizil kartochkalar haqida gap ketganda esa, “Loko” o'yinchilari mavsum bo'yi ikki martagina maydondan chetlatilganini takidlash kerak. Birinchi davrada “Metallurg” bilan bo'lgan bahsda Ignatiy Nesterovga qizil kartochka ko'rsatilgan bo'lsa, ikkinchi davradagi bekobodliklarga qarshi kechgan bellashuvda Ikrom Aliboev maydondan chetlatildi. O'yinchilarimizga boshqa matchlarda qizil kartochka ko'rsatilmadi.
QIZIL KARTOCHKALAR:
I. Aliboev (29- tur, “Metallurg”)
I. Nesterov (14- tur, “Metallurg”)



