

Argentina terma jamoasi sardori va "Inter Mayami" hujumchisi Lionel Messi Jahon chempionati oldidan turnirdagi kuchlar nisbati haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. "Albiseleste" amaldagi chempion maqomida bo'lsa-da, Messi o'z jamoasini oltin medallar uchun yagona asosiy da'vogar deb hisoblamayapti. Argentinalik jurnalist Pollo Alvaresga bergan intervyusida Leo ayni damda bir nechta top-terma jamoalar Lionel Skaloni shogirdlariga nisbatan kuchliroq ko'rinayotganini tan oldi.
Messining takidlashicha, jahon futbolida raqobat darajasi sezilarli darajada oshgani sababli, titulni himoya qilish argentinaliklar uchun nihoyatda og'ir sinov bo'ladi.
- Biz shuni tushunishimiz kerakki, musobaqaga bizdan ko'ra yaxshiroq sport formasida yetib kelayotgan boshqa favoritlar ham bor. Fransiya yana juda kuchli, ularning ixtiyorida yuqori saviyali futbolchilar ko'p. Shuningdek, Ispaniya va Braziliyani ham aytish mumkin. Garchi braziliyaliklar oxirgi vaqtlarda o'zlarining eng yaxshi o'yinlarini ko'rsata olishmayotgan bo'lsa-da, ular har doim g'oliblikka da'vogar bo'lib qolaveradi. Menimcha, Portugaliya ham juda raqobatbardosh tarkibga ega, - dedi Messi.
Eslatib o'tamiz, Qatarda bo'lib o'tgan JCH-2022 finalida Argentina tarixdagi eng dramatik bahslardan birida Fransiyani penaltilar seriyasida mag'lub etgan edi. Shu yilning iyun oyida start oladigan navbatdagi dunyo birinchiligi 38 yoshli Messi uchun faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionati bo'lishi mumkin. Bu borada u o'zining azaliy raqibi Krishtianu Ronaldu bilan birgalikda noyob rekord sohibiga aylanishi kutilmoqda.



