Kundalik: O'zbekiston nomli orol, milliarderlarning omadsizligi va Dubaydagi musobaqa atmosferasi

Aslanov Jasurbek
7 yanv 2019, 23:20
BAAda boshlangan Osiyo Kubogidagi kundalikning birinchi qismi mening (Jasur Aslanov) chekimga tushdi.

Chunki kamina ushbu mamlakatga birinchilardan yetib boradigan saytimiz vakillaridan biri edim.

Birinchi marta boshqa mamlakatga yo'l olayotganim va ilk bor samolyotda uchayotganim tufayli Internetda o'zim uchun kerakli bo'lgan ma'lumotlarni izladim. Bu jarayonda Dubayda O'zbekiston nomli orol borligini bilim oldim. The World deb nomlangan sun'iy "er shari"da mamlakatimizdan tashqari, boshqa davlatlar nomi berilgan orollar ham bor ekan. Ayni damda ushbu "mamlakatlar"da qurilish ishlari davom etyapti. Ularni turli millioner va milliarderlar xarid qilishmoqda.

Shunday qilib, Moskvaga uchib ketdim, chunki chiptam avval Rossiya poytaxtiga, keyin esa Dubayga rasmiylashtirilgan edi. Toshkent-Moskva-Dubay yo'nalishidagi parvoz chog'ida millioner va millarderlar ro'yxati e'lon qilinadigan jurnallarni mutolaa qildim, chunki samolyotda telefon bilan vaqtni o'ldirish qiyin. Jurnalda "Krasnodar" egasi, rossiyalik milliarder Sergey Galickiy nega "Magnit" nomli do'konlar tarmog'ini ikki baravar arzonga sotgani, "Anji" klubining sobiq egasi Suleyman Kerimovning Fransiyadagi sarguzashtlari haqida qiziqarli maqolalarni zavq bilan o'qidim. 

Shunday qilib, Toshkent vaqti bilan tungi 23:00da saytimiz rahbarlaridan biri G'ayrat (Xasbiulin) aka bilan dunyoning eng mashhur shaharlaridan biri Dubayga yetib keldik. Yanvarning 7-kuni start boshlandi. Stadion oldidan o'tmasangiz, Dubayda Osiyo Kubogi o'yinlari o'tayotganini sezmaysiz. Faqatgina arena oldida Osiyo Kubogi bo'layotgan bayroqlarni uchratasiz.

Dubaydagi "Al Maktum" stadionida joylashgan akkreditatsiyalash markazini topish uchun arenani 2 marta aylandik. Stadion darvozalari oldida turgan xodimlar bizni goh u, goh bu darvozaga yuborib tushunmovchilik yuzaga keltirishdi. Ingliz tilini ma'lum darajada tushunaman, ammo javob berish kerak bo'lsa... G'ayrat aka ingliz tilini juda yaxshi bilgani va muzokaralarga usta bo'lgani uchun qiynalmadim, OFK xodimlari bilan muammolar hal bo'ldi. Nihoyat, beyjiklarni olib stadionga kirdik va media markazda qo'shnilarimiz - Qirg'iziston terma jamoasining Xitoyga qarshi uchrashuvini tomosha qildik.

Hisobda oldinga chiqib olgan qirg'izlar, g'alabani saqlab qola olishmadi. Menimcha, ularga bunday turnirlarda ishtirok etish tajribasi yetishmadi. 

Osiyo Kubogi. Xitoy - Qirg'iziston (VIDEO)

Bugungi kunni Janubiy Koreya - Filippin uchrashuvi bilan yakunlaymiz. Bahs bo'lib o'tadigan "Al Maktum" stadioniga kirganingizda muxlislar uchun maxsus fan zona yaratilgan. U yerda bolalar va kattalar ko'ngilochar o'yinlar bilan shug'ullanib, uchrashuvgacha bo'lgan vaqtni o'sha yerda o'tkazishi mumkin.





Janubiy Koreya hamda Filippin terma jamoalari o'rtasida o'tkazilayotgan bahsga tashrif buyurgan muxlislarning soni ko'p bo'lmasada, o'z vatanidan sevimlilarini qo'llash uchun kelganlar etarlicha.





Koreyaliklar o'yinni faol boshlashdi, ammo Filippin terma jamoasi gol urish uchun birinchi bo'limda ajoyib imkoniyatga ega bo'ldi, ammo darvozabon Kim Seung Gyu xavfni bartaraf etdi. Ushbu uchrashuvni Janubiy Koreyadan tomosha qilayotgan muxlislar uchun 3 nafar sharhlovchi xizmat qildi. Quloqchinli to'rtinchi kishi esa ularga tezda kerakli ma'lumotlarni berib turdi.


Media tribuna yonginasida Filippin terma jamoasi futbolchilaridan birining oilasi o'yinni tomosha qilayotgan ekan.

Uchrashuv 1:0 hisobida Janubiy Koreya terma jamoasining g'alabasi bilan yakunlandi. Koreyaliklar mahorat evaziga raqibni mag'lub etishdi.

Bir necha daqiqa oldin "Championat.asia"ning qolgan vakillari ham Dubayga yetib kelishdi. Saytimizni kuzatishda davom eting.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia