

"Championat.asia"da ishlashimni bilgan aksar tanishlarim, futbolga ma'lum darajada muxlislik qiladigan insonlar, "futbolchilarning hayoti zo'r-a, ularga mazzada", deganini ko'p eshitaman.
Biroq natijaga erishish uchun tinmay mehnat qilish talab etiladi. Siz belgilagan marra qanchalik baland bo'lsa, shunchalik ko'proq ter to'kishingiz zarur bo'ladi.
U yoki bu futbolchi yulduz darajasiga chiqqach, biz uning bugungi kuniga ko'proq e'tibor beramiz. Bosib o'tilgan yo'l esa ko'pincha e'tibordan chetda qolib ketadi. Biroq futbol olamida shunday voqealar borki, eshitib, o'qib lol qolasiz.
Bugun KFC"da ishlayotgan biror yosh tanishingiz oradan 7 yil o'tib, A Seriyada to'p tepadi, o'ynaganda ham yaxshigina to'purar bo'ladi desak, ishonasizmi? Qiyin-a? Biroq portugaliyalik Betunkal Beto aynan shu yo'lni bosib o'tgan. Katta futbolga o'tish davri juda muhim bo'lgani sababli ushbu maqola tarjimasini e'tiboringizga taqdim etishga qaror qildik.
Avvalgi turlardan birida "Lacio" darvozasi tomon oshiqayotgan "Udineze" hujumchisi Betu 33 km/s tezlik oldi. "Bor yo'g'i shunchami? Men juda sekin yugurayotgan ekanman-da", – deb xazillashdi o'yindan keyin futbolchi.

33,32 km/s – A Seriyada mavsumning sakkizinchi (bu borada yetakchi Dumfris - 35,02) va markaziy hujumchilar o'rtasida birinchi ko'rsatkich. Shu o'rinda Betuning bo'yi 196 sm va og'irligi 88 kg ekanligini inobatga olsak, chindan ajoyib ko'rsatkich.
"Udineze" 23 yoshli "gigantni" Portugaliyaning "Portimonenshe"sidan olib keldi. O'tgan mavsum Betu Yevropa Braziliyasida 30ta o'yinda maydonga tushdi va 11 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi. Italiyada sportchi undanda samaraliroq harakat qilmoqda – 15 o'yinda 7ta gol, kechasi u "Milan" darvozasini ishg'ol qildi va chempionlik kurashidagi Pioli shogirdlari ochko yo'qotishiga sababchi bo'ldi.

Betuning hayotidagi jiddiy burilish nuqtasi Benfika futbol maktabidan xaydalishi bo'lgan. O'shanda qaxramonimiz 16 yoshda edi va mamlakatning eng nomdor jamoalaridan biri bo'ydor o'smirdan voz kechadi. Betu bir yil davomida KFC"da ishlaydi, sohil (plyaj)da do'stlari bilan futbol o'ynar va professional futbol haqidagi orzulari bilan xayrlashishga tayyor edi. Ammo shu vaqtda uning fikrini o'zgartiradigan inson topiladi. Betuning avvalgi klubi prezidenti yigitchani qaytishga ko'ndiradi, tunni klublarda o'tkazishni unutish va hayot tarzini o'zgartirishga, to'g'ri ovqatlanishiga va futbolga bor e'tiborini qaratishga majbur qiladi.

Astoydil mehnat samarasi o'laroq, oradan etti yil o'tib, Betu Italiya chempionatida gollar urmoqda, ularni xuddi LeBrondek nishonlayapti va top klublar e'tiboriga tushib ulgurdi. Aytishlaricha, hujumchi o'yinlarini "Inter" va "Atalanta" jiddiy tarzda kuzatib bormoqda. Shunday ekan, yaqin vaqtlar ichida ushbu futbolchini biror top klubda ko'rib qolsangiz, xayron bo'lmang.
Nozima Zaripova tarjimasi



