"Kechikib qolgan maqola yoxud qishki tatil tafsilotlari bilan o'rtoqlashib" (3-qism)

Narzulla Saydullayev
29 dek 2013, 10:34
Malumki, dekabr oyining avvalida mazkur sarlavha ostida bir kichkinagina maqolani birinchi va ikkinchi qismini siz muxlislar e'tiboriga havola qilgan edik.
Bu mamlakatimiz futbol jurnalistikasi tarixida yangilik bo'lganligi uchun ko'pchilikning e'tiborini o'ziga jalb qildi va ko'plab taklif va mulohazalarni ham qabul qildik. Endigi maqolamizda esa xuddi o'sha maqolaning davomini mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo'lasiz.

Aslida bazi jamoalarimiz yangi mavsum taraddudini boshlaganiga ham talaygina vaqt bo'ldi. Shuni inobatga olgan holda mazkur sarlavha ostidagi maqolamizga intiho yasashga ahd qildik. Ammo shuni unutmaylikki, maqolaning “uslubi” ko'pchilik tomonidan maqullanganligi sababli, shu kabi maqolalarni kaminadan boshqa qalam ahlilari ham yoza oladi degan umiddamiz.

  


Xozirgi kunda, mamlakatimiz futboli atrofidagi eng sermulohaza mavzu “Neftchi” klubi va uning atrofidagi gaplar bo'lib qoldi. Biz ham shuni inobatga olgan holda Pavel Smolyachenko bilan bog'lanishga va u bilan dillashishga erishdik. Bizningcha “Pasha” ham dam olish kunlarini behuda sarflamagan. Keling uni o'zidan so'raylikchi, o'zi bunga qanday javob berar ekan:
― So'ngi uch yilgi tatilim deyarli bir xil tarzda o'tmoqda. Qishki tatil boshlanishi bilan Rossiyaga ketaman. Pityerda opam va yaqinlarim yashaydi. Qolaversa, o'zimni davolatib turadigan shifokorim ham shu erlik. Uning ham qabulida bo'lishga vaqt topa olaman. Ular bilan qariyb ikki hafta birga yashayman va ortga qaytaman. Ortga qaytganda ham Farg'onaga. Farg'ona mening ona shahrim. Bu yerda oilam, do'stlarim va ko'plab yaqinlarim bor. Ular bilan shu qadar ajoyib aloqadamizki, jamoa rahbariyati oz muddatga bo'lsada dam olish uchun ruxsat beriishi bilan ularni oldilariga oshiqaman.

― Bilishimizcha, yaqin kunlarga qadar ham “Lokomotiv” mashg'ulotlarida qatnashib qaytdingiz.  Ammo ayni damda Farg'onadasiz.  Vaholanki sizni “Loko” bilan tuzgan yana bir yillik shartnomangiz bor, buni qanday izohlaysiz?
― Siz aytayotgan gaplarni deyarli barchasi asosli. Toshkentda mashg'ulotlarda ishtirok etib qaytdim. Ayni damda Farg'onada dam olyapman. Yuqorida ta'kidlab o'tganimdek, jamoa rahbariyati dam olish uchun ruxsat berishlari bilanoq, Farg'onaga oshiqaman. Sababi biz futbolchilar oilamizdan uzoqda bo'lganligimiz uchun ham, oila davrasini juda sog'inib qolamiz.



Ikkinchi suhbatdoshimiz mamlakatimiz futboli ravnaqi yo'lida o'zining samarali mehnati bilan xalq xurmatiga sazovor bo'lgan ajoyib murabbiy, Ahmadjon Ubaydullaev bo'ldi. U kishi bilan bo'lgan suhbat kaminani anchayin to'lqinlantirib yubordi. Siz ham bir o'qib ko'ring:
― Qishki tatil haqida so'rayapsiz. Biz murabbiylarda tatil degan tushuncha bo'lmaydi. Mavsum ichida jamoamiz natijalari haqida qayg'uradigan bo'lsak, mavsumlar oralig'ida jamoamiz safini yanada kuchaytirish va raqiblarga etarlicha “bosh og'rig'i” bo'la oladigan istedodlarni kuzatish bilan band bo'lamiz.
Futbolga kirib kelganimdan buyon faqat bir martagina “otpuska” olib dam olganligimni eslayman. O'shanda ham o'zimni yomon xis qilganligim boisi shunday bo'lgandi.

― Ahmad aka, o'zbek futboliga aloqador har qanday inson Farg'onaning “Neftchi” klubida bo'lib o'tgan va davom etayotgan ishlardan xabardor bo'lsa ajab emas. Bunga siz qanday qaraysiz?

― Ochig'ini aytganda bu ishlarga biron nima deya olmayman. Chunki, har bir murabbiyning o'zining dunyo qarashi bor. Jumladan “Neftchi” murabbiylarining ham. Ammo xolisdan fikr bildirishimni so'rasangiz, qilinayotgan ishlar boshqalar singari meni ham ajablantirayotganligini aytib o'tishim mumkin. Sababi, asl Farg'onalik bo'lgan va jamoaning o'zagi, asosiy figuralari klubni birin ketin tark etib ulgurishdi. Bundan tashqari Mamlakatimizning turli jamoalarida Farg'onalik istedodli yoshlar to'p tepmoqdalar. Ayni damda ular bilan qiziqib ham qo'yishmagan. Jumladan ortda qolgan mavsumda yoshlar ligasi “to'purari” bo'lgan Dilimuhammad Xudoyberdiev, Davlatbek Yorbekov kabi yoshlar bilan birov gaplashib ham ko'rmagan. Menimcha, mana shunga o'xshagan istedodli futbolchilar istalganicha topiladi. Aslida viloyat jamoasini mana shunday futbolchilar bilan boyitish kerak bo'ladi, yana bilmadim.



Mana sizga murabbiy fikri. Murabbiylarimizning boshqalaridan ham shunga o'xshash gaplarni ayni kunlarda ko'p eshityapmiz. Galdagi suhbatdoshimiz o'zbek futbolining yana bir fidoi shaxslaridan biri No'mon Hasanov bo'ldilar:
― Jamoaga mavsumning yakuniy qismiga yaqin bordim. Shuning uchun ham jamoa bilan qilinishi lozim bo'lgan bir talay ishlar bor edi. Ularni bitirganimizdan so'ng tatilga biroz kechikkan xolda chiqdim. Tatilni farzandlarim, oila a'zolarim bilan o'tkazishni xohlayman. Shuning uchun ham tatilga chiqdim˗u, uyga otlandim. Mana guvohi bo'lib turganingizdek. ayni paytda ham ana o'sha tatilni davom ettiryapman.

― Namanganliklar mashg'ulotlarini Mustafo Bayramovning o'zi olib borishi nimani bildiradi, endi siz “Navbahor” murabbiyi emasmisiz?
― Boshqa har qanday savolni bering javob berayin. Ammo uzr so'ragan holda xolda shu saolingizni ochiq qoldirsam. Chunki, kelajak haqida oldindan biron nima deyishni yoqtirmayman. Qolaversa, Namanganliklar bilan hali ochiq˗oydin bir fikrga kelmadik.

Maqolamiz so'ngida Farg'onalik aniqrog'i Oltiariqlik yana bir yosh futbolchi Ilmiddin Mamatyoqubov bilan dildan suhbat uyushtirdik. Bir paytlari Marg'ilonning “Atlaschi” jamoasining asosiy o'yinchilaridan biri sanalgan bu futbolchi ayni damda Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi libosini kiygan. Keling yosh "qaldirg'och" bilan bo'lgan suhbatni birgalikda mutolaa qilamiz.

― Avvalambor e'tiboringiz uchun rahmat. Qishda har bir futbolchi eng avvalambor oilasini oldiga boradi. Buni menda ham kuzatish mumkin. Ammo oilam davrasiga borib, oyoq uzatib dam olishga vaqt topa olmadim. Sababi ayni paytda o'sish davridaman. Murabbiylarim ko'rsatmasiga binoan o'zim ustimda ko'proq ishlayapman. Lekin mashg'ulotdan qaytishimda onam eshik oldida kutib olishlari˗yu, otamni erinmasdan mashg'ulotlarimni kuzatib turishlarini tasavvur qilsam, bundan ortiqroq orom olishni o'zi bo'lmaydi.

― Nima uchun xozirda “Bunyodkor” qarorgohida emassiz?
― Sababi oddiy. Jamoa rahbariyati bayramni ota˗ona, oila a'zolar. yaqinlar bilan birga o'tkazishligimiz uchun bizga kichik tatil berishgan. Shuning uchun ham uydaman. Bo'sh vaqtlarimni “SA”dagi qiziqarli ma'lumotlarni mutolaa qilish bilan o'tkazyapman. Ko'z tegmasin saytingiz ajoyib faoliyat olib bormoqda. Muxlis sifatida ijodiy barqarorlik tilab qolaman.

Ro'zali Qurbonov hamda Ibrohimjon Solixonovlar tayyorladi.

Narzulla SaydullayevMuallif