

Ma'lumki, Keyrush hozirda Eron milliy terma jamoasini jahon chempionatiga tayyorlamoqda. Uning shartnomasi mundial tugaganidan so'ng yakuniga etadi. Avvalroq portugaliyalik mutaxassis Eronni Osiyo Kubogi-2019 musobaqasida ham boshqarishi mumkin, bu borada federatsiya muzokara o'tkazishni xohlamoqda degan xabar chiqqandi.
Lekin hozircha bu haqda aniq gap-so'z yo'q. Keyrush esa bor e'tiborini jahon chempionatiga qaratishini ma'lum qilgan. "Tehrantimes.com" bugun shunday xabar tarqatdi: "Kamerun futbol federatsiyasi Karlush Keyrushga jiddiy qiziqish bildirdi. Eronni yana jahon chempionatiga olib chiqqan murabbiyga avvalroq O'zbekiston tomonidan ham taklif bo'lgandi".
"Kamerun shuningdek, Fransiya terma jamoasi sobiq murabbiyi Raymon Domenek, germaniyalik afsonaviy futbolchi Lotar Matteusga ham qiziqyapti. Ma'lumki, Keyrush 2011 yilning 4 aprelidan beri Eron termasini boshqarib kelmoqda va u ko'rsatayotgan natijalar tahsinga loyiq".
Kamerunliklar taqdim etgan ro'yxatda Rigober Song, Alan Jiress kabi nomlar ham bor. Ko'ramiz, jahon chempionati yakuniga etganidan so'ng Karlush Keyrush nima qilarkin. U Eronda qoladimi, O'zbekistonga keladimi, Kamerunga yo'l oladimi yoki umuman Yevropaga qaytib ketadimi?



