JCH-2018. Tarkiblar va statistika

Xayrulla Xoliqov
5 iyun 2018, 15:47
Jahon chempionatida ishtirok etuvchi barcha terma jamoalarning yakuniy 23talik ro'yxati ma'lum qilindi.

Tarkiblar chiqqach FIFA rasmiy sayti bazi qiziq raqam va ma'lumotlarni keltirib o'tdi.

- Demak, 32 terma jamoa safida 23tadan jami 736 futbolchi ro'yxatdan o'tdi. Shulardan 200 nafari avval ham jahon chempionatida qatnashgan. Xususan 186tasi JCH-2014da, 61 tasi JCH-2010da, 21 nafar futbolchi esa JCH-2006da o'ynagan. 

- Shuningdek, faqat bir futbolchi JCH-2002da ham qatnashgan. Bu meksikalik Rafael Markes. Markes faoliyatida davomida beshta jahon chempionatida o'ynaydigan to'rtinchi futbolchi bo'ladi. Bungacha Antonio Karbaxal, Lotar Matteus va Janluiji Buffon beshta JCHda ishtirok etgan. 

- Angliya terma jamoasida birorta ham legioner yo'q. Bu borada keyingi o'rinlarni Rossiya (2ta legioner) va Saudiya Arabistoni (3ta legioner) egallab turibdi. Senegal bilan Shvetsiyaning esa aksincha tarkibi faqat legionerlardan iborat. Belgiya, Islandiya, Nigeriya va Shveytsariyada bittadan mahalliy o'yinchi bor. 

- JCHga boradigan futbolchilardan 53 nafari avvalgi mundialda ham to'p kiritgan. Eng ko'p gol urganlar orasida Tomas Myuller (10ta gol) birinchi o'rinni egallab turibdi. Keyingi o'rinlarni Xames Rodriges (6), Tim Keyxill (5), Gonsalo Iguain (5), Lionel Messi (5) va Luis Suares (5) egallab turibdi. 

- Misrlik Essam el Hadari JCH-2018 ishtirokchilari orasida yoshi eng katta futbolchi hisoblanadi. Bu darvozabon hozir 45 yoshda. Mirslik darvozabon ikkinchi yoshi katta futbolchi Rafael Markesdan olti yoshga katta. U shuningdek, uch nafar bosh murabbiylardan ham katta. Bu murabbiylar - Aliu Sisse (Senegal), Mladen Krstaich (Serbiya) va Roberto Martines (Belgiya). 

- Urugvay bosh murabbiyi Oskar Tabares mundialdagi eng qariya murabbiy hisoblanadi. U 71 yoshda. Taqqoslash uchun u Senegal ustozi Aliu Sisse bilan uning o'rtasidagi yosh farqi 29ni tashkil etadi. 

- Bu yilgi jahon chempionatining eng yosh futbolchisi Avstraliya termasi yarim himolyachisi Daniel Arzani bo'ladi. U hozir 19 yoshda. Ma'lumot uchun, JCH-2006da Teo Uolkott (17), JCH-2010da Kristian Eriksen (18) va JCH-2014da Fabris Olingalar (18) eng yosh futbolchi bo'lishgan. 

- Milliy terma jamoalarga eng ko'p futbolchi bergan klub bu "Manchester Siti". "Siti"dan 16 nafar o'yinchi JCHda qatnashadi. Bu borada keyingi o'rinlarni "Real" (15 futbolchi), "Barselona" (14), "Chelsi", PSJ va "Tottenxem" (har uchalasi 12 nafardan) egallab turishibdi.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: fifa.com