

Jumladan, Qarshining Nasaf jamoasi OFK kubogi finalida Bahraynda Al-Muharraq klubi bilan kuch sinashadi. E'tiborlisi, OFK kubogi finali – ajdarlar uchun begona musobaqa emas. Jumladan, qarshiliklar bundan 10 yil oldin – 2011 yilning 29 oktyabr kuni OFK kubogi finalida Kuvayt SK jamoasini mag'lub (2:1) etib, xalqaro maydondagi ilk sovringa ega chiqishgandi.
Mazkur uchrashuvda harakat qilgan mahoratli himoyachi Jahongir Jiyamurodov ham Nasafning g'alabasiga munosib hissa qo'shgandi. Takidlash joizki, Jahongir futbolchilik faoliyatidagi eng yorqin lahzalarni aynan Nasafda o'tkazganini muxlislar yaxshi eslshadi.
Ajdarlarning sobiq a'zosi bo'lajak muhim bahs oldidan o'z fikrlarini bildirib o'tdi: - Nasafning tarixiy muvaffaqiyatiga o'z ulushimni qo'shganimdan bag'oyat mamnunman. O'shanda, yigitlar bilan hamjihatlikda harakat qilib, OFK Kubogi sohibiga aylangandik. Mana oradan 10 yil o'tib, ajdarlar yana bir bor finalda maydonga tushishadi. Bugungi Nasafning tarkibi keskin yoshargan. Ammo, jamoada barqarorlik yo'qolmagan.
Yani, qarshiliklar milliy chempionatda doimiy ravishda sovrinli o'rinlar uchun kurash olib bormoqda. O'zbekistonning nomdor klublariga har tomonlama munosib qarshilik ko'rsatib kelishayotgani tahsinga loyiq, albatta. Vohada futbol infratuzilmasining yaxshi yo'lga qo'yilgani bois juda ko'plab istedod egalari voyaga yetishyapti. O'zbekiston o'smirlar, yoshlar, olimpiya terma jamoalari tarkiblariga Nasaf futbol akademiyasining juda ko'plab tarbiyalanuvchilari ham jalb etilayotgani ham yuqoridagi fikrimni isbotlaydi.
Demoqchimanki, Nasaf futbol akademiyasi nafaqat yurtimizda balki Osiyo miqyosida ham yetakchi futbol talimi maskanlaridan sanaladi. Nasaf futbol akademiyasida yosh futbolchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Respublikamizning barcha mintaqasida Nasaf akademiyasidek futbol maktablari tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Bahraynda yosh ajdarlarni jiddiy sinov kutib turibdi. Al-Muharraq esa bir qator tajribali futbolchilarga ega.
O'ylaymanki, Ro'ziqul Berdiev shogirdlari klubning azaliy ananalarini davom ettirgan holda yorug' yuz bilan vatanimizga qaytishadi. Tarkib va o'yindagi barqarorlik Nasafning asosiy quroli deb, hisoblayman.




