Iordaniyadan kuchli ekanligimizni isbotlashimiz shart

Narzulla Saydullayev
4 sen 2013, 16:00
6 sentyabr ham tobora yaqinlashmoqda. Yana ikki kundan so'ng milliy terma jamoamiz safarda Iordaniya termasiga qarshi JCH-2014 saralash bosqichining pley-off uchrashuvida maydonga tushadi.
Keyin esa 10 sentyabrda ularni o'z maydonimizda qabul qilamiz. Terma jamoamiz oxirgi rasmiy o'yinini o'tkazganidan beri oradan ikki yarim oy vaqt o'tdi. Bu vaqt oralig'ida oliy liganing ikkinchi davrasiga start berildi, birinchi liganing ikkinchi bosqichi boshlandi. Qolaversa, terma jamoamiz ham yig'in o'tkazishga ulgurdi. 14 avgust arafasida uch kunlik yig'in tashkil etildi. Ammo xalqaro o'rtoqlik o'yini o'tkazilmaganidan xabaringiz bor. Mana endi 6 sentyabr kungi o'yinga o'rtoqlik uchrashuvisiz maydonga tushishga majburmiz. Iordaniya termasi bu orada ikkita o'rtoqlik uchrashuvi va bitta rasmiy o'yin o'tkazishga ulgurdi. Shu bois ehtimol ularning tayyorgarligi yaxshi ko'rinayotgan bo'lishi mumkin, ammo bu ularning imkoniyati yuqori ekanligini anglatmaydi.

Ehtimol terma jamoamiz hozir kuchli holatda emasdir. Bu birinchi navbatda jamoa a'zolarining ruhiy ahvoliga tegishli. To'g'ridan to'g'ri jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz hammaga jiddiy ta’sir o'tkazgan bo'lishi turgan gap. Shu bois hozirgi tayyorgarlik go'yoki majburan bajarilayotgan ishga o'xshab qolyapti. Yani, shu ikkita o'yin uchun mashg'ulot o'tkazishimiz shart degandek. 14 avgust kuni o'tkazilmay qolgan o'rtoqlik uchrashuvi qay darajada ta’sir o'tkazishini vaqt o'tib bilib olamiz. Ammo Iordaniya bilan o'yinlardagi g'alaba futbolchilarimizning ruhini ko'tarib yuborishi tabiiy hol. Mag'lubiyat esa hammaga yana odatdagidek ta’sir qiladi. Aslini olganda jahon chempionatiga to'g'ridan to'g'ri chiqish pley-off orqali borishdan osonroq degan fikrdamiz. Agar hamma o'yinlarga bir xilda yondoshilsa, guruhda birinchi yo ikkinchi o'rinni egallab JCHga chiqsa bo'ladi. Bu u darajada qiyin ish bo'lmasa kerak, axir avvalgi saralash bosqichida futboli hali rivojlanmagan Shimoliy Koreya buning uddasidan chiqqandi. Lekin pley-off orqali yo'llanmani qo'lga kiritish Osiyo jamoasi uchun oson bo'lmaydi. Janubiy Amerikaning istalgan beshinchi vakili Osiyo jamoasiga etarlicha tashvish tug'dirishi turgan gap.

Ammo shunday bo'ldiki, biz 14 ochko yig'ib ham jahon birinchiligiga chiqa olmadik. Natijada pley-off bosqichida o'zimizni sinab krishdan o'zga yo'l qolmadi. Safarda va uyda Iordaniya bilan qanday natijaga erishishimizni aytish mushkul. Taxmin qilganimiz shuki, Iordaniya asosan o'z uyida kuchli futbol namoyish etadi. Lekin Toshkentda ularni mag'lub etsa bo'ladi. Buning uchun safarda imkon qadar ehtiyot bo'lib to'p surishimizga to'g'ri keladi. Yigitlardan mana shu o'yinlarda qanday natija qayd etilishidan qatiy nazar, bor kuchni berib harakat qilishlarini so'rab qolamiz.

O'tgan hafta terma jamoamiz ustozi Mirjalol Qosimov mana shu ikkita o'yinga taklif etilgan futbolchilar ro'yxatini e'lon qildi. Ro'yxatdan ayni paytda eng kuchli bo'lib turgan barcha futbolchilar o'rin olgan. Faqat jarohat olgan Ignatiy Nesterov bilan Shoxruh Gadoevni hisobga olmaganda. Albatta, Nesterovning o'ynay olmasligi katta yo'qotish hisoblanadi. Chunki Ignatiy 2007 yilgi Osiyo Kubogidan beri terma jamoaning asosiy darvozaboni bo'lib kelmoqda. Yurtimizda unga teng keladigan darvozabon yo'qdek go'yo. Aslida ham shunday bo'lsa kerak. Axir boshqa darvozabonlarga qarang, ularning hech biri Nesterov singari o'yin amaliyoti, kerak bo'lsa, obro'-e'tiborga ega emas. Qosimov ixtiyorida hozir uch nafar darvozabon mavjud: Murod Zuhurov, Aleksandr Lobanov va Eldor Suyunov. Zuhurov ko'proq kayfiyat o'yinchisi, Lobanovda biroz shoshqaloqlik bor, qaror chiqarishda ko'pincha shoshib qoladi. Eldor Suyunovga kelsak, u yosh, shu bilan birga yaxshi o'yin ko'rsatayotganini ham e'tiborga olish darkor. “Nasaf” bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev qo'rqmasdan unga ishonch bildirdi. Natijada Suyunov o'ziga bildirilgan ishonchni oqlab kelyapti. Axir G'ayrat Hasanov, Mixail Naumov singari darvozabonlar bilan kechadigan raqobatda yutib chiqish har kimning ham qo'lidan kelmaydi.

To'g'ri, Murod Zuhurovda xalqaro tajriba birmuncha yuqori, lekin u ko'p vaqtini “Bunyodkor” zaxirasida o'tkazdi. Aleksandr Lobanovga kelsak, u ham yaxshi posbon, “Paxtakor”da ishonchli o'yin ko'rsatyapti. Lekin uning namoyish etayotgan o'yinini terma jamoa darajasida deb bo'larmikan. Eldor Suyunovning o'yini chakki emas, faqat uning ozroq yosh ekanligi darvozabonga nisbatan biroz bosimni yuklab qo'yishi mumkin. Ammo ikkinchi tomondan futbol bazan tavakkal qilishdan iborat ekanligini unutmaylik. Jahon futbolida 22-23 yoshida birdaniga terma jamoa safida xalqaro uchrashuvlarda maydonga tushgan darvozabonlar ko'plab topiladi.

Bizni xursand qilayotgan yana bir jihat – xorij klublarida to'p surayotgan legionerlarimiz zaxirada qolib ketishayotgani yo'q. Ular muntazam o'z jamoalarining asosiy tarkibida maydonga tushishmoqda. Gol urishdan tashqari bir nechta golli to'p uzatishlarni amalga oshirishmoqda. Bu esa terma jamoa a'zosi uchun nihoyatda muhim hisoblanadi. Rossiyalik hamkasblarimiz uchun ayniqsa Vitaliy Denisov kashfiyot bo'ldi. Uni ruslar tinmay maqtashyapti. Odil Ahmedovning ham “Anji”dagi o'yini chakki emas, biroq u yerda butun jamoa ko'rsatkichlari pasayib ketgani uchun bu narsa Odilga ham ta’sir o'tkazmasdan qolmayapti.

Umuman olganda xorijda faoliyat olib borayotgan futbolchilarimizning saviyasi past emas. Yaxshi ishlab ulardan ajoyib jamoa tuzsa bo'ladi. Faqat bu o'rinda ko'p gap murabbiyga bog'liq. Mirjalol Qo'shoqovich ham qo'ldan kelgancha eng shimarib ishlayapti. Jamoa bejizga 14 ochko yiqqani yo'q. Qolaversa, biz qandaydir to'plar nisbatiga ko'ra mundial yo'llanmasini qo'lga kirita olmadik. Boshqa tomonlama biror joyda xato qilganimiz yo'q. Terma jamoa oldiga jahon chempionatiga chiqish vazifasi qo'yilmagani haqida gap-so'zlarning yuzaga kelishi esa bu shunchaki aldamchi taassurot xolos. Negaki barcha xalqlarning eng yuksak orzusi jahon chempionatida qatnashish hisoblanadi va bizning bu xohishdan voz kechishga majburlashga hech kimning haqqi yo'q.

Terma jamoa oldiga avval boshdanoq jahon chempionatiga borish asosiy maqsad sifatida qo'yilgani bor gap. Chunki bunday vazifa qo'yilmagan taqdirda bunchalik ish unumi bo'lmasdi. Faqat maqsadga to'g'ridan to'g'ri erishilmagach, shunday gap-so'zlar yuzaga keldi. Mana shuning uchun ham pley-off o'yinlari orqali bo'lsa ham terma jamoa bor imkoniyatdan maksimal darajada foydalanishi shart. Buning uchun Ignatiy Nesterov, Shohruh Gadoev, Fozil Musaev singari o'yinchilarning jarohat olgani hech qanday rol o'ynamaydi, jangda askar yaralanib qolgan taqdirda yonidagi quroldoshi olg'a ketaverishi shart. Albatta, Nesterov bilan Gadoevning maydonga tusha olmasligi terma jamoamiz uchun o'ziga yarasha jiddiy yo'qotish hisoblanadi, lekin o'ylaymizki, boshqa futbolchilar ularning o'rnini bosa olishadi.

Oldimizda turgan dastlabki vazifa shu – 6 va 10 sentbyar kungi bahslarda o'zimizni ko'rsatib, Iordaniya to'sig'idan o'tish. Bunga hammamiz astoydil ishonyapmiz, chunki biz salohiyat, o'yinni tashkil qilish, futbolni tushunish, taktik futbol ko'rsatish va boshqa jihatlar bo'yicha Iordaniyadan ustunmiz. Bunga har doim guvoh bo'lib kelyapmiz. Faqat endi shularni qog'ozda emas, balki amalda isbotlashga to'g'ri keladi. Jahon chempionatiga chiqamizmi-yo'qmi, bir narsa deyish qiyin-u, ammo Iordaniyadan kuchli ekanligimizni isbotlashimiz shart. Shunday ekan, oldin Iordaniyadan o'tib olaylik, ana undan keyin Janubiy Amerikaning beshinchi jamoasi haqida xayol sursak bo'ladi.

Xayrulla XOLIQOV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia