Intervyu. Murod Bobojonov: “O'zbek futbolchilari uchun Iroqda eshiklar ochildi"

Iskandarov Abdulaziz
29 yanv 2026, 10:35
Bu yildan xorijda to'p tepadigan legionerlarimiz soni yana bittaga ko'paydi.

O'tgan mavsumni "Xorazm"da o'tkazgan hujumchi Murod Bobojonov Iroqning "Amanat Bag'dod" jamoasi a'zosiga aylandi. Hamyurtimiz o'tgan turda gollari hisobini ham ochishga erishdi. Biz Bobojonov bilan bog'lanib suhbatlashdik.

- Futbolchi sifatida birinchi bor xorijga chiqdingiz. Legionerlikdagi ilk taassurotlaringiz qanday?

- Aslida har bir futbolchining xorijda to'p tepish orzusi bo'ladi. Menda ham shunday orzu bor edi va bu menga ertami-kechmi nasib qilganidan juda xursandman. Ilk taassurotlar juda yaxshi. Chet el klubida o'ynash men uchun juda yoqimli his.

- "Amanat Bag'dod" - yangi jamoangiz. Bu jamoaga o'tishingiz qanday kechdi? "Xorazm" yoki O'zbekistondan takliflar bo'ldimi?

- "Amanat Bag'dod" jamoasiga o'tishimda ushbu klubda to'p tepayotgan Baxtiyor Qosimov va yana bir insonning hissasi katta bo'ldi. "Xorazm" bilan shartnomam tugagan edi va u tomondan taklif bo'lmadi. Boshqa jamoalardan takliflar bor edi, ammo men legioner bo'lishni istadim va shu qarorni qabul qildim.

- Yangi jamoadagi sharoitlar, murabbiylar va chempionat haqida fikringiz qanday?

- Jamoaga kelganimdanoq meni juda iliq kutib olishdi. Sharoitlar a'lo darajada. Murabbiylar juda qattiqqo'l va talabchan. Chempionatga kelsak, har bir o'yin jangovor ruhda o'tadi, har bir uchrashuv qiziqarli. Umuman olganda, Iroq chempionati kuchli deb ayta olaman.

- Iroqda o'zbekistonlik futbolchilar o'zini yaxshi ko'rsatyapti. Buni nima bilan izohlaysiz?

- Legioner bo'lgan har bir futbolchi o'zini maksimal darajada ko'rsatishga harakat qiladi. O'zbek futbolchilari ham mamlakat nomini ko'tarish uchun borini beryapti. Shuning natijasida o'zbek futbolchilariga qiziqish ortdi. Menimcha, Iroq chempionati o'zbek futbolchilari uchun eshiklarini ochmoqda.

- Baxtiyor Qosimov bilan bir jamoadasiz, Sherzod Temirov ham shu yerda. Bu sizga yordam beryaptimi?

- Albatta. Jamoaga moslashishim oson bo'ldi, chunki Baxtiyor Qosimov bor va u menga har tomonlama yordam beryapti. Sherzod esa boshqa shaharda yashaydi, lekin doim aloqa qilib, salom-alik qilib turamiz.

- Futboldan bo'sh paytda hayotingiz qanday o'tyapti?

- Futboldan bo'sh paytda vaqtimizni unumli o'tkazishga harakat qilamiz.

- Faoliyatingizdagi eng muhim o'yin va gol?

- Aslida har bir gol men uchun muhim. Lekin birinchi o'yinimda, 2014 yili "Bunyodkor"ga qarshi bahs alohida esda qolgan. 89-daqiqada maydonga tushib, 90-daqiqada gol urganman.

- Siz gol urgan eng mashhur darvozabon?

- Ignatiy Nesterov.

- Futbolchi bo'lmaganingizda…

- Boshqa yakkakurash sport turini tanlardim.

- Ilk bor ko'rgan futbol o'yiningiz?

- "Real Madrid" ishtirokidagi o'yin.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia