Indoneziya turnirni o'tkazish uchun tayyor holatda. Unda muammo nimada? (Batafsil)

Mirjalol Normatov
26 mar 2023, 13:18
Barchamiz uchun qiziq o'tgan U-20 Osiyo chempionati muvaffaqiyatli yakun topdi.

Shu orqali O'zbekiston U-20 termasi Indoneziyada o'tishi kerak bo'lgan (!) kichik mundialga yo'llanma oldi. Aslida ushbu saralash o'yinlari 2020 yilda, jahon chempionati esa 2021 yilda o'tkazilishi kerak edi. Ammo pandemiya sababli barcha ishlar to'xtab qolgandi. Endi kechikkan turnir yana bir bor kechikishi kutilmoqda.

Ammo nima sababdan? XXI asrda hech qaysi ma'lumotni ommadan yashirib bo'lmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda ichki sirlarni bilib, ommaga tarqatadiganlar shunchalar ko'pki, biz o'zimiz uchun etarlicha ma'lumot olyapmiz. Xo'sh, Indoneziyada nimalar bo'lyapti? Davlat rostdan ham ushbu turnirni o'tkazishga tayyor emasmi?

Aslida davlat ushbu turnirni o'tkazish uchun barchasini shay holatga keltirib qo'ygan. Jahon chempionati o'yinlari 6 shaharning 6 stadionida bo'lib o'tadi. Ikki kun oldin turnirning madhiyasi ham ommaga taqdim qilingan. Faqatgina...

O'rtada siyosiy muammolar borga o'xshamoqda. Chunki Indoneziya davlati turnirga yo'llanma olgan Isroil davlati futbolchilarini o'z hududiga kiritishni istamayapti. Aslida sport va siyosat so'nggi 10-15 yillik davrga qadar mutlaqo bir-biriga qaramagan edi, ammo hozir barchasi o'zgacha bo'lib bormoqda. Isroil va Falastin davlati o'rtasidagi mojarolar sababli Indoneziya shu qarorga kelmoqda.

FIFA nima qilyapti? Bu savol barchaning ko'nglidan o'tgan. Chunki qur'aning bekor qilingani hali rasman e'lon qilingani yo'q. Ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlarga ko'ra, hozirda FIFAdagilar turnirning o'z vaqti va joyida o'tishi uchun harakat qilmoqda, faqatgina bosim qilish va qo'rqitish orqali.

Yozishlaricha agarda turnir o'z vaqti va joyida boshlanmasa FIFA Indoneziyani turli xil sankciyalar bilan jazolashi va hatto tashkilot a'zoligidan chetlatishi bilan qo'rqitmoqda. O'z navbatida ushbu qo'rqitishlardan keyin Indoneziya ham FIFAga boykot e'lon qilmoqchi.

Ma'lumotlarga qaraganda agarda turnir Indoneziyada o'tmaydigan bo'lsa, FIFA mezbonlik borasida Argentina variantini ko'rib chiqadi. Chunki ushbu davlat tezkorlik bilan JCHni o'tkazish uchun tayyor holatga kelishga vada bergan.

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia