

Ijtimoiy-siyosiy nashrda faoliyat olib bora turib ma'lum masala yuzasidan matbuot xizmati bilan bog'lanishga ko'p to'g'ri kelib qoladi. Bu o'rinda turli holatga duch kelaman: bazida matbuot xizmatidan aniq ma'lumot olasiz, bazida esa buning aksiga duch kelasiz (shunday matbuot xizmatlar bor, ular bilan bog'lanib ham bo'lmaydi).
Sportda, xususan, futbolda matbuot xizmatlarida boshqacha holatga duch kelaman. Axborot xizmati rahbaridan klubdagi bazi ma'lumotlar so'ralgani odatda bilmasligini bildiradi. Bunga o'rganib ham qolgan kishi.
Yoki boshqa toifa matbuot kotiblaridan biror vaziyat yuzasidan izoh so'ralsa avval xabarni inkor etib, so'ngra saytni go'yoki "yolg'on ma'lumot tarqatishda" ayblaydi. Vaholanki jurnalistikada manbalar orqali ma'lumot berish bu normal holat. Ismini sir qolishni istagan manba bizga qandaydir ma'lumot etkazsa (albatta, manba bo'lganda ham ishonchli manba bo'lishi kerak!) va o'sha xabar e'lon qilinsa bu yolg'on axborot bo'lmaydi.
"Paxtakor" klubi matbuot kotibi Behzod Nazarov bilan intervyu qilganimda bir yaxshi fikrni bergan edi: "matbuot xizmati rasmiy axborot beradi", degan edi u.
[instagram] [/instagram]
O'FA matbuot kotibi Davron Fayziev ham matbuot xizmatlari "eshitdik-da" yoki qandaydir manbalarga tayanib emas, balki rasman tasdiqlangan xabarni berishni aytib o'tgan. Bu mutlaqo to'g'ri fikrlar.
Ma'lumot uchun, odatda "Championat.asia" tomonidan manbalarga tayanib chiqarilgan xabarlar rasman o'z tasdig'ini topadi!
Yoki boshqa bir toifadagi matbuot kotiblari esa klubdagi bosh murabbiyning buyrug'iga qarab ish qiladi. Deylik biror futbolchi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushsa uni murabbiy ruxsat bermasa klub matbuot xizmati e'lon qilmaydi.
Yaqinda "Lokomotiv" jamoasi Tojikistonning "Istiqlol" jamoasiga qarshi bahs olib bordi. O'yin Toshkentda, aynan "Lokomotiv" stadionida bo'lib o'tdi. Lekin mezbon jamoa ushbu bahs haqida o'yindan keyin ma'lumot berdi (shunda ham faqat natija va fotogalereya. Tarkiblar haqida ma'lumot yo'q!) Tojikiston klubi esa o'yin kuniyoq ma'lumot etkazdi, o'yin haqida ma'lumotlar berib turdi. "Championat.asia" ham bu o'yin haqida yozdi, "Loko" matbuot xizmati e'lon qilmagan tarkiblariga qo'shib!

Foto: "Istiqlol" matbuot xizmati
Shu o'rinda "Loko"ga savollar bor:
1. Bu uchrashuv yopiq o'yin maqomida o'tkazildimi?
2. Agar javob "ha" bo'lsa, nega "Istiqlol" ma'lumot beraverdi? Yopiq o'yin ikki jamoaning kelishuvi holda o'tkazilmaydimi?
3. Yuqoridagi ikki savolga javob beriladimi? (berilmasa ham xafa bo'lish yo'q, o'rganib qolganmiz)
Yoki boshqa misol bor. Tojikistonning "Istiqlol" klubi "Loko"ga qarshi o'yin oldidan "So'g'diyona"ga qarshi o'rtoqlik o'yini o'tkazdi. Jizzax klubi o'yindan so'ng "Istiqlol" matbuot xizmati tayyorlagan fotoni olib, qisqa matn yozib xabar berdi. Tojikistonliklar esa butun boshli o'yin haqida yozishdi ("So'g'diyona" klubi e'lon qilmagan tarkiblarni ham!).
Behzod Nazarov bergan intervyusida Rossiya, Ukraina, "kuchli beshlik" klublarining matbuot xizmatlarini kuzatishni aytib o'tgan edi. Ayrim matbuot kotiblaridan bir iltimosim bor: mayli siz Rossiyani yoki Yevropa davlatlarini kuzatmang. Hech bo'lmasa shu qo'shni Tojikistonning "Istiqlol"ini kuzating.
Ma'lumot uchun, avvalroq, Fahriddin Ro'ziev futbol jamoalarida faoliyat yuritadigan matbuot xizmati xodimlarining maoshi haqida qisqacha ma'lumot bergan edi.
P.S.: "birovni ishini tahlil qilguncha o'zingning ishingni epla", deb so'kishingiz mumkin. Lekin shunchaki bu holatga bir nazar soldim va shu hol chiqib keldi. Agar yaxshi bo'lsa-yu, men uni yomon deyaversam noto'g'ri bo'lar edi.



