
Mazkur bo'lajak muhim o'yinlarga qadar Shomurodov o'zini tiklab oladimi yoki “Nasaf” bosh murabbiyi oldida bu borada muammo kelib chiqadimi? Bunga aniqlik kiritish maqsadida hujumchining o'zi bilan suhbatlashdik.
- “Loko” bilan o'yinning ikkinchi bo'lim boshlarida oyog'imning to'pig'idan jarohat olib maydonni erta tark etishga majbur bo'ldim. Shu bois uchrashuv haqida aniq bir nima aytishim qiyin – deydi Ilhom Shomurodov.
- O'sha vaziyatni qanday tushuntirib bera olasiz?
- Maydonning har bir qarich erida jiddiy kurash kechdi. Sababi o'yinning ahamiyati har ikkala jamoa uchun ham yuqori edi. Jarohat olgan paytimda esa, “Lokomotiv”ning legioner o'yinchisi Onika bilan to'p uchun kurashda, moldaviyalik futbolchi to'pni olib qo'yish istagida “podkat” tashladi, shunda men oyog'imni ko'tarib, sakray olmadim. Futbolchining jon jahdi bilan tashlashanishi natijasida oyog'imning to'pig'i lat edi. Shifokorlarimiz shundan so'ng, murabbiylarga meni boshqa futbolchiga almashtirishlarini so'radi va meni shu onning o'zidayoq stadiondan to'g'ri, shahardagi klinik shifoxonaga olib bordi. U yerda malakali shifokorlar oyog'imni lat egan joyini rentgan qildi va shundan so'ng ma'lum bo'ldiki, jarohat u qadar jiddiy emas.
- Lekin shunga qaramay, oyog'ingizga gips qo'yishgani haqida ma'lumot oldik...
- To'g'ri, garchi oyog'im sinmagan bo'lsada, shifokorlar ma'lum muddatga gips qo'yishni maqul topishdi. 4 kun o'tib esa uni olib tashlashdi. Shundan so'ng, oyog'imning o'sha joyini davolab boryapmiz. Nasib qilsa, bugundan engil mashg'ulotlarga qirishaman.
- Ilgari ham bunday jarohatlarga duch kelganmisiz?
- Yo'q, bu birinchisi edi. Umid qilamanki, so'nggisi bo'lib qoladi.
- “Nasaf”ni oldinda qiyin o'yinlar kutib turibdi. Yani ertaga milliy chempionat doirasidan o'rin olgan, “Paxtakor”ga qarshi bahs bor. Qarshidagi ushbu o'yindan so'ng, jamoangiz 25 sentyabr kuni Toshkentda “Bunyodkor” bilan Kubok finalida hisob kitob qiladi. Bo'lajak uchrashuvlarda “Nasaf”ga yordam bera olmaslik extimoli bor ekan-da?
- Afsuski o'z maydonimizda “Paxtakor”ga qarshi o'tadigan bahsda maydonga tusha olmayman. Bu o'yinga oz muddat qoldi va ungacha tiklanish qiyin kechadi. Lekin nasib qilsa, Kubok finalida o'ynashni niyat qilyapman. “Bunyodkor” bilan o'yinga qadar mashg'ulotlarda ishlab, o'ynash uchun tayyor xolatga qaytaman. Chunki bunday final o'yinlarida ishtirok etishni barcha futbolchi orzu qiladi. Shu bois men ham 25 sentyabrga qadar sport formamni tiklab borishga harakat qilaman.
Islombek Rustambekov suhbatlashdi.