Ilhom Mo'minjonov: “Mashal” – oliy ligaga chiqishga haqli jamoa”

Narzulla Saydullayev
13 avg 2013, 17:19
Birinchi liganing ikkinchi bosqichidan o'rin olgan “Paxtakor-2” – “Mashal” bahsidan so'ng “paxtakorchilar” bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonovning fikrlari bilan qiziqdik.
- Ilhom aka, yirik mag'lubiyatga nima sabab bo'ldi?

- Birinchi sababi sifatida tarkibimizning tubdan o'zgarib ketganini aytishimiz mumkin. Birinchi bosqichda to'p surgan futbolchilardan 70 foizini “Paxtakor”ning o'rinbosarlar tarkibiga berdik. Bundan tashqari, bugungi o'yinda oltita 1995 yilda tug'ilgan o'yinchimiz ishtirok eta olmadi. Chunki ular ayni paytda terma jamoa safida yig'in o'tkazishmoqda. Shunga qaramay, bugungi uchrashuvda ishtirok etgan o'yinchilar ko'rsatmalarimni bajarishga harakat qilishdi, lekin baribir tajriba o'z so'zini aytib, “Mashal” g'alaba qozondi. Nasib qilsa, navbatdagi o'yinimiz “Spartak”ka qarshi kechadi va bu bellashuv biz uchun birmuncha oson o'tadi deb o'ylayman.

- Himoya chizig'i va darvozabonga etirozingiz bormi?
- Albatta, 0:4 hisobidagi mag'lubiyatdan keyin murabbiyda barcha futbolchilarga nisbatan etiroz bo'ladi. Menda ham darvozabonga va himoyada to'p surgan o'yinchilarga etiroz bor. Keyinchalik shogirdlarim qayerda xatoga yo'l qo'yishganini birma bir tushuntirib beraman.

- Yil boshidan beri deyarli barcha “Mashal”ning oliy ligaga chiqishini gapirib kelmoqda. Bu borada nima deya olasiz?
- “Mashal”ning qanchalik kuchga ega ekanligi ko'rinib turibdi. Menimcha, bu jamoa ortiqcha qiyinchiliksiz oliy ligaga chiqadi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcmashal.uz