

– O'yin haqida fikringiz...
– O'yinga keladigan bo'lsak, jiddiy tayyorgarlik ko'rgan edik. Hozirgi ligada oson o'yinning o'zi yo'q. Ikki ochko yo'qotdik – juda alamli ochko yo'qotdik. Uning ustiga, o'n kishi bo'lib qoldik. Shunday bo'lsa ham, xavfli vaziyatlarimiz bo'ldi, biroq foydalana olmadik. Bu – futbol, oxirigacha kurashamiz.
Shu vaqtgacha bizni qo'llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarimizdan uzr so'raymiz. Birinchi davradan keyingi statistikaga ko'ra, eng ko'p tomoshabin bizning o'yinlarga kelgan ekan. Bugun ham stadionda tomoshabinlar ko'p bo'ldi. Muxlislardan uzr so'rab, rahbariyatdan esa sabrli bo'lishlarini iltimos qilib qolamiz. Keyingi o'yinlarga yanada qattiqroq tayyorgarlik ko'ramiz.
To'g'ri, biz hozir qulay zonada emasmiz, chunki bugun uch ochko olishimiz shart edi. Buyog'ini rahbariyat ko'rib chiqadi, ular qanday qarorga kelsa, shunga qarab ish qilaveramiz. Eng alamlisi, o'tgan turda ham aytganimdek: biz turnir jadvalida o'z o'rnimizda emasmiz. Jamoaga yaxshi, sifatli va tajribali futbolchilarni jalb qilganmiz, lekin gol ura olmayapmiz. Vaziyatlardan unumli foydalana olmayapmiz.
– Mavsum boshidan beri asosiy himoyachi bo'lgan Bubanya bugun zaxirada qoldirilib, Najmiddin Normurodovga imkon berdingiz. U futbolchi esa ikkinchi sariq kartochkasini olib, jamoani bir kishi kam bo'lib qolishiga sabab bo'ldi. Bubanyada jarohat bormidi yoki Normurodovni sinab ko'rmoqchi edingizmi?
– Bubanya bo'yicha rotaciyaga qo'l urdik, chunki bizda kubok doirasida og'ir o'yin bo'lgan edi. Biroz toliqish alomatlari bor edi, shuning uchun unga bugun dam berdik. Ochig'ini aytganda, Najmiddin Normurodov bu zonada yaxshiroq harakat qiladi, deb o'ylagan edik. Lekin u ikkita sariq kartochka oldi va maydonda o'n kishi bo'lib qoldik.
Shunga qaramay, standart vaziyatlardan unumli foydalanishimiz kerak edi. Yosh yigitlar futbol hayajoni bilan o'zlariga xavfli vaziyatlarni yaratib, o'yinni boy berib qo'yishdi. Ozgina hushyorlikni yo'qotdik. O'n kishi bo'lib qolgan bo'lsak-da, baribir golli vaziyatlarimiz bo'ldi. Endi hozir videoni ko'ramiz, yana ikkita-uchta o'yin tahlilini qilamiz. Vaziyatni o'nglash uchun bizga ochkolar suv va havodek zarur. Raqiblarni gapirmoqchi emasman, baribir o'zimiz alamli va juda ham kerakli bo'lgan ikki ochkoni yo'qotdik.
– Mavsum boshida "Metallurg" Superliga uchun asosiy nomzodlardan biri edi. Hozir, o'zingiz aytganingizdek, jadval o'rtasida, yuqoridan pastroqda boryapsizlar. Raqiblar tobora uzoqlashib ketyapti. Imkoniyatlar qanchalik yo'qotildi? Asosiy maqsad baribir Superligaga chiqish, to'g'rimi?
– Maqsadimiz – baribir Superligaga chiqish. Lekin bilmayman... yuqorida takidlaganimdek, tajribali va sifatli futbolchilarni oldik, vaziyatlar yaratyapmiz, biroq gol kirmayapti. Nima bo'layotganini o'zim ham tushunmayapman. Balki murabbiylar shtabida qon almashtirish kerakdir. Buni murabbiylar va rahbariyat bilan birgalikda gaplashib chiqamiz. Rahbariyat qanday qaror qabul qilsa, shunga qarab ish ko'ramiz.
– O'yinni 90 daqiqa davomida tomosha qildik. O'zimiz birinchi bo'lib gol kiritib oldik. Ammo raqib urgan golda bitta hujumchiga to'rtta himoyachimiz qarab turdi, hech qaysi biri faol qarshilik ko'rsatmadi va u bemalol bosh bilan darvozaga to'p kiritdi.
– Xuddi shuni aytyapman-da, 1:0 hisobida oldinda borayotgan edik. O'sha standart vaziyatda yaqqol hushyorlikni yo'qotdik. Darvozabonimizga ham uqtirgan edim: "Hushyor bo'lib turish kerak", – deb. Biroq diqqatni yo'qotdik va o'zimizga o'zimiz gol olib keldik. Tajribali futbolchilar qanday qilib bunday muhim vaziyatda diqqatini yo'qotishi mumkin, bilmayman.
Inobatga olinmagan golimizga kelsak... bilmadim, bizning nazarimizda toza gol bor edi, lekin hakam ofsayd qayd etdi. Ehtimol, ofsayd bordir, shuning uchun hakamni ayblaydigan joyim yo'q. Shunchaki, o'zimiz yuta olmayapmiz. Nima bo'layotganiga o'zim ham hayronman. Mashg'ulotlarda hammasini bajaryapmiz, nazariy mashg'ulotlarda tushuntiryapmiz, slaydlar orqali ko'rsatib beryapmiz. Afsuski, maydonda natija chiqara olmayapmiz.
Lekin umid bor. Imkoniyat hali etarlicha. Ikkinchi davra endigina boshlandi. O'yinni murabbiylar shtabi bilan chuqur tahlil qilib chiqamiz va xatolar ustida ishlaymiz.



