
“So'g'diyona” – “Bunyodkor” bahsida kiritilgan ikkinchi gol muallifi Sardor Rashidov katta futboldagi il qadamlarini Jizzax jamoasida boshlaganini o'quvchilarimiz yaxshi bilishsa kerak. Ayni paytda “qaldirg'ochlar” sharafini himoya qilayotgan Rashidov bugun sobiq jamoasiga qarshi o'ynashga majbur bo'ldi. Ahamiyatlisi iqtidorli futbolchi sobiq jamoasi darvozasini ishg'ol etdi va “Bunyodkor”ning g'alabasiga o'z hissasini qo'shdi.
“Buxoro” – “Lokomotiv” uchrashuvidagi yagona gol muallifi buxorolik Jasur Hasanov hisobiga yozildi. Ushbu futbolchi ham “temiryo'lchilar” safiga kelishdan oldin aynan “Buxoro” uchun to'p tepgandi. Jasurning yagona goli, “Loko”ga muhim bo'lgan g'alabani keltirdi.
Qashqadaryolik hujumchi Zafar Polvonov ham bugun “Olmaliq” tarkibida o'ynab sobiq jamoasi bo'lmish “Nasaf” darvozasini ikki bor aniq nishonga ola bildi. E'tiborlisi Polvonovning dubli “ajdarlar”ning qimmatli ikki ochkoni yo'qotishiga zamin yaratdi.
“Navbahor” – “Paxtakor” o'yinida ham yuqoridagi xolat kuzatildi. Dastlab sobiq “navbahorchi” Dilshod Sharofetdinov “Paxtakor”ni hisobda oldinga olib chiqqan bo'lsa, keyinchalik Ro'zimboy Ahmedov ham sobiq jamoasi “Paxtakor” darvozasini ishg'ol etdi. Bu uchrashuvda durang qayd etilganini aytib o'tish lozim.
Yuqoridagi futbolchilar bugungi gollari bilan professional ekanligini namoyish etishdi.
Islombek Rustambekov