"Hali transfer oynasidagi ishimizni tugatmadik. Himoya chizig'ini kuchaytirishni rejalashtirganmiz" - Vadim Abramov

Sherzod Nurmatov
25 iyul 2025, 16:09
"Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov Belarusdagi yig'in yakunlanishi arafasida klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

"Mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlik reja asosida o'tmoqda. Uchta o'yindan ikkitasini o'tkazdik. Bunday bahslarda men uchun natija muhim emas, asosiysi tayyorgarlik jarayonidir. Birinchisida "Slaviya"ga yutqazgan bo'lsak-da, yangi o'yinchilarni, turli ishlanmalarni sinab ko'rdik. O'sha kuni maydon sifati yaxshi emasligi ikki tomonning ham o'yiniga ta’sir qildi. 

Ikkinchi o'yinda esa asosiy tarkibga yaqin bo'lgan 11 talikni dastlabki daqiqalardan sinadik. Yangi o'yinchilar tezroq moslashib olishi muhim edi va ular ham jamoada ancha vaqtdan buyon to'p tepayotgandek tezda kirishib ketayotgani meni xursand qildi. O'zi yaxshi saviyadagi o'yinchi uchun moslashish jarayoni uzoq kechmaydi. Debyutantlar o'yinidan qoniqyapman, umid qilamanki, Superliga va O'zbekiston Kubogining muhim bahslariga yaxshi tayyorgarlik bilan kirishamiz. Jahongir O'rozov, Oybek O'rmonjonov va Edem Nemanov terma jamoadan qaytishadi. Futbolchilarning oldindagi uchrashuvlarga jarohatsiz yetib kelishi muhim. "Vitebsk"ga qarshi o'yindan keyin 26 iyul kuni O'zbekistonga qaytamiz va "Navbahor" bilan o'yinga so'nggi tayyorgarlikni Samarqandda o'tkazamiz.

Tarkibni kuchaytirish ishlari? Hali transfer oynasidagi ishimizni tugatmadik – yangi o'yinchilar uchun o'rin bor. Nomzodlarni ko'rayapmiz, ular orasida legionerlar ham bor, ammo ular bizga to'g'ri kelmayapti. Himoya chizig'ini kuchaytirishni rejalashtirganmiz. Hali vaqt bor, moliyaviy jihatdan ham, o'yin jihatdan ham talablarimizga mos o'yinchini topsak, o'z safimizga qo'shib olamiz. Ammo Kojo misolida o'yinchilar talabi yuqori ekanini ko'rib turibsiz. Shunday ekan, imkoniyatimiz va o'yinimizga mos o'yinchini topsak, taklif qilamiz", – dedi Vadim Karlenovich.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Динамо" матбуот хизмати