Gvardiolaning kelajagi so'roq ostida: "Manchester Siti" B rejani tayyorlamoqda

Sherzod Nurmatov
19 yanv 2026, 14:09
Yaqin vaqt ichida "Manchester Siti" rahbariyati bilan jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o'rtasida muhim uchrashuv bo'lib o'tishi mumkin.

Ushbu uchrashuvda tomonlar joriy mavsum yakunlanganidan keyin hamkorlikni davom ettirish istiqbolini muhokama qiladi.

"Topskills Sports UK"ning xabar berishicha, ispaniyalik mutaxassisning kelgusi taqdiri yaqin oylarda jamoa ko'rsatadigan natijalarga bevosita bog'liq bo'ladi. Agar 2025/2026 yilgi mavsum klub egalari va rahbariyati kutgan natijalarni bermasa, ajralish varianti ham istisno etilmayapti.

Manbaga ko'ra, "shaharliklar" allaqachon muqobil ssenariylar ustida ish boshlagan va italiyalik murabbiy Enco Mareskaning atrofidagilar bilan aloqaga chiqqan. Gvardiola 2026 yilning yozida jamoani tark etgan taqdirda, Mareska unga o'rinbosar deb ko'rilmoqda.

Qayd etilishicha, Mareskaning o'zi ham "Manchester Siti"da ishlashga jiddiy qiziqish bildirmoqda va bosh murabbiy lavozimi bo'yicha taklifni ko'rib chiqishga tayyor.

Xosep Gvardiolaning ingliz klubi bilan amaldagi kelishuvi 2027 yilning yozigacha amal qiladi. "Shaharliklar" Angliya Premer-ligasining 22-turidan so'ng 43 ochko to'plab, turnir jadvalida ikkinchi o'rinni egallab turibdi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Topskills Sports UK