

Marosim Tailand poytaxti Bangkok shahridagi Grand Fourwing Hotel mehmonxonasida o'tkaziladi. Jamoalar 2016 yili Toshkentda bo'lib o'tgan futzal bo'yicha Osiyo chempionatida qayd etgan natijalariga ko'ra 5 ta savatchaga ajratiladi.
O'zbekiston U-20 terma jamoasi 1-savatchadan joy oldi. Shuningdek, mazkur savatchada Eron, Tailand va Vetnam yoshlar termasi ham joylashgan.
Jami 21 terma jamoa to'rtta guruhga bo'linadi. Bitta guruhda 6 ta, uchta guruhda 5 tadan jamoa pley-off bosqichi uchun kurashadi. Har bir guruhda 1–2 o'rinlarni egallagan jamoalar chorak finalga yo'l oladi.
Eslatib o'tamiz, futzal bo'yicha U-20 Osiyo chempionati 2017 yilning 9–21 may kunlari Tailandda o'tkaziladi.




