

Federatsiya prezidenti Umid Ahmadjonov boshchiligidagi ishchi guruhi 2018-2022 yillarga mo'ljallangan rivojlantirish dasturini ishlab chiqish asnosida futbolni ko'tarib turadigan to'rtta asosiy tamoyilga e'tiborni kuchaytiradi.
O'zbekiston Futbol Federatsiyasining 12 sentyabr kuni bo'lib o'tgan hisobot-saylov konferenciyasida tashkilotga yangi prezident etib saylangan Umid Ahmadjonov mamlakat futbolini birgalikda ko'tarishiga umid bildirgan edi.
“Ishonchingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Xudo xohlasa keyingi xalqaro musobaqalarda va Olimpiya o'yinlarida birgalikda, maslahatlashgan holda, o'zbek futbolini ko'tarishga vada beraman. Bundan buyon muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev va xalqimizni xursand qilib, futbolimizni birgalikda ko'taramiz degan umiddaman”. (Umid Ahmadjonov)/
O'FF Prezidentining futbolni ko'tarish haqidagi nutqida futbolni rivojlantirishning 4 ta ustunini ko'rish mumkin.
Birinchi ustun bu musobaqalar bo'lib, O'FF bayrog'i ostidagi musobaqalar o'tkazilishi saviyasini OFK standartlari holatiga olib kelish, terma jamoalarning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini yangi bosqichga olib chiqish birlamchi vazifa qilib qo'yiladi.
Ikkinchi ustun esa, texnikaviy rivojlantirish masalalar bo'lib, unga bolalar va o'smirlar, ommaviy futbol, ayollar futboli, futzal va plyaj futbolini rivojlantirish, murabbiylarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish kabi vazifalar kiradi.
Uchinchi ustun esa PFL va hududiy federatsiyalar faoliyatini kuchaytirish bo'lib, unda asosiy e'tibor, futbol bo'yicha O'zbekiston chempionati va birinchiligi musobaqalarini o'tkazish tizimini tubdan isloh qilish, O'FFning a'zolari hisoblangan 14 ta hududiy federatsiyaning mamlakat futbolini rivojlantirishdagi roli va dahldorligini oshirishga qaratiladi.
To'rtinchi ustun esa, xalqaro munosabatlar bo'lib, bu jabhada asosan FIFA, OFK, UEFA va boshqa konfederatsiyalar, hududiy federatsiyalar, milliy federatsiyalar bilan o'zaro hamkorlik va hamjihatlik aloqalarini kuchaytirish, muvaffaqiyatli sinovdan o'tgan xalqaro tajribalarni o'zlashtirish masalalariga e'tibor qaratiladi.
Federatsiyaning yangi rahbariyati ushbu 4 ustunga eltadigan zinapoyalardagi boshqa sohalarni ham takomillashtirish yo'lidan boradi. Bu hakamlar, jamoatchilik bilan aloqalar, moliya, yuridik va xizmat ko'rsatish masalalari kabi uzviy bog'liq sohalardir.

BUGUNGI KUNDAGI USTUVOR MASALALAR
Federatsiyaning yangi rahbariyati oldida zudlik bilan hal qilinadigan 5 ta ustuvor masala bor.
Birinchisi, O'zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyini tayinlashdir. Ayni paytda yangi rahbariyat milliy terma jamoaga bosh murabbiy tayinlashda faqat xorijlik murabbiylar nomzodini ko'rib chiqayotganligini ma'lum qilamiz.
Ikkinchisi, kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishdir. O'FF strukturasida futboldagi korrupsiyani oldini olish uchun masul bo'lgan maxsus bo'linma, shuningdek, kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashish bo'yicha bo'lim va yangi qo'mita ish boshlaydi. Bu bo'linma va qo'mita faoliyatini O'FF Prezidenti shaxsan nazorat ostiga oladi.
Uchinchisi, bolalar va o'smirlar futbolini qing'irliklardan tozalash bo'lib, yoshlarning futbol maktablari va klublariga joylashishida, shuningdek, mashg'ulotlar jarayonida mahalliychilik va urug'-aymoqchilikka yo'l qo'yilmasligi va sport principlarining birlamchi bo'lishini taminlashga qaratiladi. Bundan tashqari, futbolchilarning yoshlarini soxtalashtirish kabi illatga qarshi kurashish bo'yicha ham yangi chora-tadbirlar belgilab olinadi. Federatsiyaning “Har bir bolaga bittadan to'p” nomli yangi rivojlantirish dasturi ishga tushiriladi.
To'rtinchisi, federatsiya ishining shaffofligini taminlash va shu orqali fuqarolarning federatsiyaga ishonchini ortishiga erishishdir. Aksariyat murojaatlarda federatsiya xalqning mablag'ini suistemol qilganlikda ayblanadi. Fuqarolarda paydo bo'lgan noto'g'ri tasavvurni yo'qotish uchun federatsiya moliyalashtirish uchun mablag'ni qayerdan olib, qaerga sarflashini shaffoflashtirishni taminlaydi.
Beshinchisi, terma jamoalar, chempionat, kubok va birinchilik o'yinlariga elektron chiptalar savdosini yo'lga qo'yish orqali ishqibozlar chiptalarni o'z narxida va teng taqsimlash tizimini yo'lga qo'yishdir. Bu bilan chiptalar savdosiga chayqovchilarning ta’sirini kamaytirish, hududlardagi ishqibozlarning o'z uylaridan turib o'yinlarga chipta sotib olishini taminlash kabi qulayliklarni yaratish asosiy maqsad qilib olingan.
O'FF Prezidenti Umid Ahmadjonov ushbu haftada FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashadi. Keyingi haftada esa O'FFda amalga oshirilishi kutilayotgan islohotlar yuzasidan futbol jamoatchiligiga axborot beriladi.
O'FF Matbuot xizmati



