

Bu borada sanab sanog'iga yetish mushkul. Achinarlisi jamoa oliy ligani tark etganidan so'ng, hanuzgacha qaddini tiklashni uddalay olmayapti. Bunga birinchi navbatda moliyaviy imkoniyatning yaxshi emasligi ham o'z ta’sirini o'tkazmasdan qolmaydi. “Surxon” bu yilgi mavsumni birinchi ligada boshlagandi, ammo jamoa birinchi bosqichda etarlicha ochko jamg'ara olmadi va buning natijasida ishtirokini to'xtatishga majbur bo'lgandi.
Endilikda “Surxon” 6-16 oktyabr kunlari Namanganda o'tkaziladigan pulka o'yinlarida ishtirok etadi. Bunga jamoa qay darajada tayyorgarlik ko'rmoqda? Moliyaviy imkoniyat “Surxon”ning vodiydagi 10 kunlik turnirga borishi uchun to'sqinlik qilmaydimi? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida jamoa boshlig'i Mustafoqulovga murojaat qildik.
- Ikkinchi bosqichga chiqa olmagan bo'lsakda, yigitlarni o'z qarorgohimizda to'plab, har kuni bir mahaldan mashg'ulot o'tkazib kelmoqdamiz – deydi Furqat Mustafoqulov. – Mavsum boshida o'z oldimizga ikkinchi bosqichga yo'llanmani qo'lga kiritishni maqsad qilib qo'ygandik. Ammo bunga erisha olmadik. Shundan so'ng, e'tiborimizni pulka o'yinlariga qaratdik. Xabaringiz bor, bu yilgi pulka o'yinlariga Namangan viloyati mezbonlik qilishi ma'lum bo'ldi. Aslida bu turnirni Termizda o'tkazmoqchi bo'layotgandik, lekin ayrim sabablarga ko'ra bu amalga oshmay qoldi. Nasib qilsa, Namanganga borib, musobaqada ishtirok etamiz. Davralar oralig'ida birgina Tohir Mahmudov safimizni tark etdi. U “Andijon”da faoliyatini davom ettirishni maqul topdi. Qolgan barcha o'yinchilar bugungi kunda lagerimizda. Ular bugungi kunda bosh murabbiy Vladimir Bordyuja qo'li ostida shug'ullanishmoqda. Hrzircha hech qanday muammo yo'q – deya gapini yakunladi “Surxon” jamoasi boshlig'i, Mustafoqulov.
Ulug'bek Omonmurodov


