FIFA JCH ishtirokchisi bo'lgan har bir futbolchi uchun 3D-profil yaratadi

Sherzod Nurmatov
8 yanv 2026, 18:01
Bu nima uchun kerak?

Navbatdagi Jahon chempionati haqiqatan ham inqilobiy bo'ladi. Yangi texnologiyalarni joriy etish uchun FIFA futbolchilarning o'zi bilan ham ishlashga qaror qildi - Shimoliy Amerikada bo'lib o'tadigan mundialda ishtirok etadigan har bir o'yinchi uchun individual profil yaratiladi.

BBC xabariga ko'ra, FIFA sun'iy intellekt yordamida 1248 nafar futbolchining 3D-modelini yaratadi. Bu yarim avtomatik ofsaydni aniqlash tizimining to'g'ri ishlashi uchun zarur.

Bu jarayon futbolchilarning ko'p vaqtini olmaydi: har bir o'yinchi maxsus skaner uchun kameraga kiradi, butun jarayon bor-yo'g'i bir soniya davom etadi va u faqat turnir oldidan o'tkaziladigan fotosessiya paytida bir marta amalga oshiriladi.

Skanerlashdan maqsad - masalan, Angliya chempionatida kuzatilgani kabi bahsli holatlarning oldini olish. Ilgari "Nyukasl" va "Manchester Siti" o'rtasidagi o'yinda "hakkalar"ning goli paytida yarim avtomatik ofsayd grafikasida Ruben Diash sakrab turganday ko'rinib, bu televizion translyatsiyadagi manzaraga mos kelmagani sababli katta bahs yuzaga kelgan edi.

Ushbu tizim allaqachon sinovdan o'tkazilgan - u FIFA Interkontinental Kubogida "Flamengo" va "Piramids" o'rtasidagi to'qnashuvda qo'llangan.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: BBC