"Farg'ona viloyati hokimi kubogi-2021". Ertangi final oldidan ikki jamoa murabbiylari qanday fikrda?

Aslanov Jasurbek
2 fev 2021, 19:06
Ertaga Hokim Kubogining g'olib va sovrindorlari aniqlanadi. Xususan, Neftchi Qo'qon-1912 jamoalari 3-o'rin sohibini aniqlasa, Bunyodkor - Istiqlol final bahsida maydonga chiqadi.

Final oldidan ikki jamoa murabbiylari Marat Miftaxutdinov va Anvar Berdiev fikrlari bilan o'rtoqlashdi. 

"O'ylashimcha, qiziqarli o'yin guvohiga aylanamiz. Istiqlolda katta ishtiyoq bor, qolaversa, ular mezbon sifatida to'p surishadi. O'z-o'zidan ular uchun musobaqada g'olib bo'lish yoqimli. Hokim Kubogida ishtirokimiz davomida avval guruh bosqichidan o'tdik, keyin chorak va yarim final, mana endi final. Aytishim kerak, shu ergacha yetib keldikmi, biz ham Hokim Kubogini qo'lga kiritmoqchimiz! Istiqlolni Qo'qon-1912 jamoasiga qarshi o'yinini bevosita stadionda tomosha qildim. Raqibimiz katta ishtiyoq bilan to'p suradigan jamoa. Tarkibida yaxshi futbolchilar bor. Xususan, Istiqlolning hujum chizig'i kuchli ko'rindi. Shuningdek, o'yinchilarning jismoniy holati ham ko'ngildagidek ekanligini bildim. 

Biz finalga tayyormiz! Tarkibda yo'qotishlar yo'q. Barcha futbolchilarning holati ko'ngildagidek. Ertaga bosh sovrinni qo'lga kiritish uchun maydonga chiqamiz.

Hokim Kubogida qatnashish uchun Farg'onaga keldikmi, nima uchun g'oliblikni o'ylamasligimiz kerak? Nega turnirda g'olib bo'lish muhimmas? Rosti, ilk kunlarda turnirga nisbatan oddiyroq ko'z bilan qaragandik. Yarim finaldan so'ng nafaqat o'zimiz, balki tanishlar ham Hokim Kubogiga qiziqish bildirishni boshlashdi. Demak, Hokim Kubogining obro'si oshgan.

Penaltilar seriyasi? Biz barchasini 90 daqiqada hal qilishni xohlaymiz va shunga harakat qilamiz. Penalti bu – lotoreya. Lotoreyada hammaga omad kelavermaydi. 90 daqiqa mehnat qilib, lotoreyada yutqazib qo'yish ham mumkin va albatta alamli",- deydi Marat Miftaxutdinov.


"Finalda o'ynash har bir jamoaga o'zgacha kayfiyat beradi. Ochig'ini aytganda, Hokim Kubogining startidan avval hech kim Istiqlolni finalgacha yetib keladi, deb o'ylamagan edi. Musobaqa davomida qilgan mehnatimiz samarali o'laroq finalga chiqdik. Final bitta o'yindan iborat. Uchrashuv taqdiri 90 daqiqada hal bo'ladigan bellashuvdan oldin aniq fikr bildirish mushkul. To'p dumaloq, maydon tekis deyishadiku! Ishontirib aytadiganim shuki, ertaga qiziqarli uchrashuvni ko'ramiz.

Bunyodkorning kuchini, darajasini hamma juda yaxshi biladi. Jamoa bejizga Superligada yuqori o'rinlar uchun davogarlik qilmaydi. Biz raqib kim bo'lishidan qatiy nazar o'yinga tayyormiz! 

Biz musobaqadagi ishtirokimiz orqali futbolchilarni mavsumga tayyorlashni rejalashtirganmiz. Qolaversa, g'oliblik ruhini singdirishni o'ylaganmiz. Lekin har qanday musobaqada natija ham muhim hisoblanadi. Har doim ham finalda o'ynayvermaysiz.

Finalda penaltilar seriyasi bo'lishini xohlaymanmi? Nazarimda buning ahamiyati yo'q. To'g'ri, chorak va yarim finalda o'yin taqdiri penaltilar seriyasi orqali hal bo'ldi, biroq bu  futbol! Asosiysi, chiroyli va muxlislarga yoqadigan hamda natija olib beradigan o'yin namoyish qilish.

Musobaqa boshlanishidan avval jamoani bir qator futbolchilar tark etgandi. Tarkibga yangi qo'shilgan o'yinchilar bilan har bir uchrashuvga katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko'rdik va maydonga tushdik. Yuqorida takidlaganimdek, mehnatlarimizning samarali o'laroq finalgacha yetib keldik. Endi to'xtab qolmoqchi emasmiz",- deydi Anvar Berdiev. 

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: "Бунёдкор" матбуот хизмати