Ergash Ismoilov: Men raqobatdan qo'rqmayman va o'zimga ishonaman

22 mar 2018, 15:59
Ma'lumki Superliga 3-tur doirasida Buxoro So'g'diyona jamoasini o'z uyida qabul qildi va yirik 3:0 hisobida mag'lub etdi.

Shundan so'ng Buxoro jamoasiga murabbiylar shtabi tomonidan qisqa tatil berildi. Shu orada biz Buxoro jamoasi yosh iqtidorli himoyachisi shuningdek Superliga 3-turning eng chiroyli gol muallifi Ergash Ismoilovni suhbatga chorladik.

-Ergash avvalo sizga savol bilan murojaat qilishdan oldin sizni diyorimizning ajoyib ayyomi kirib kelgan Navro'zi olam bilan sizni va barcha yaqinlaringiz hamda oila a'zolaringizni chin qalbdan tabriklaymiz!

-Rahmat. Men ham shu fursatdan foydalanib barcha O'zbekiston ahlini, sizlarni Navro'z bayrami bilan chin ko'nglimdan tabriklayman. Hammalarini oilalariga tinchlik osoyishtalik, kulgi, tabassum tilab ularni bahoriy kayfiyat hech qachon tark etmasin deyman.

- Rahmat. Yaxshi tilaklaringiz o'zingizga ham hamroh bo'lsin. Neftchi jamoasi bilan bo'lgan nazorat uchrashuvi chog'ida raqib jamoa vakili bilan to'qnashib kyetib bir necha daqiqa o'zingizga kelolmadingiz. Shundan so'ng o'yinlarda qatnasha olmadingiz. Hozirda o'zingizni yaxshi his qilyapsizmi?

- To'g'ri, shu hodisani eslasam haligacha yuragim orqaga tortib ketadi. Xudoga yoqqan tarafim bor ekanmi bilmadim, bir necha daqiqalardan so'ng o'zimga keldim. Ungacha nimalar bo'lganini o'zim ham bilmayman (kulib). O'zimga kelsam hamma atrofimda, o'zimga noqulay bo'lib ketdi. Keyin tezda shifoxonaga olib borishdi. U yerda shifokorlar nazoratida bo'ldim va ular menga butunlay tuzalib ketmagunimcha bir nechta o'yinlarni o'tkazib yuborib, yaxshigina dam olib kerakli kuch yig'ib olishimni qattiq tayinlashdi. Shu bois bir oydan beri uchrashuvlarda ishtirok eta ololmadim. Bilasizmi, har bir futbolchi bir oy mashg'ulotlar bilan shug'ullanmay qo'ysa, bu jismoniy holatiga albatta ta’sir o'tkazmay qo'ymaydi. Bu vaqt ichida jamoadoshlarim va murabbiylarim meni avaylab, qo'llab- quvvatlab turishdi. Buning uchun ularga alohida rahmat aytaman. Xullas, mana ko'rib turganingizdek xavf – xatarlar ortda qoldi. Lekin asosiy tarkibga chiqishdan oldin o'rinbosarlar jamoasida o'zimni sinab ko'rishni xohladim. Chunki hali tayyor emas edim. Buxoro-So'g'diyona uchrashuvidan bir kun oldin o'rinbosarlar tarkibida maydonga tushdim va gol urishga erishdim. Shundan so'ng asosiy tarkib uchun ham hozirgi holatim maksimal darajada ekanligini bilib oldim va maydonga tushdim. Kuzatgan bo'lsangiz 3 golni kiritish menga nasib qildi. Bundan o'zim ham xursandman.

-So'g'diyona bilan uchrashuvda zaxiradan maydonga tushishingiz avvaldan ma'lum edimi?

-Yo'q, avvaldan ma'lum emas edi. Murabbiylarim menga ishonib maydonga tushirganlaridan juda xursand bo'ldim. Bildirilgan ishonchlarini oqlashga astoydil harakat qildim va buni uddalay oldim, deb o'ylayman. Ularni menga bo'lgan ishonchlari uchun ham katta rahmat.

-Siz Bunyodkorda qolishni istagandingizmi yoki Buxoroga qaytishni?

-Bunyodkorda qishki mashg'ulotlarni o'tkazdim. Lekin, Buxorodan taklif tushdi. O'tgan mavsumda ham Buxoro jamoasida faoliyat olib borganman. Menga ishonib qayta taklif bilan chiqishgani uchun to'g'risi xursand bo'ldim. Buxoroga ancha o'rganib qolibman. Qaytganimdan mamnunman va afsuslanmayman.

-Buxoro nechanchi o'ringa mos harakat qilyapti?

-Bu futbol. Bunda hamma narsa bo'lishi mumkin. Bu mavsumda jamoamizga juda ham tajribali futbolchilar jamlangan. Ishonamanki nasib qilsa bu yil yuqori o'rinlarni band qilamiz.

-"Buxoro"da qanot yarim himoyachilariga raqobat katta. Bunga qanday qaraysiz?

-Albatta, bu yil raqobat Buxoroda juda kuchli. Nafaqat qanot futbolchilarida, balki boshqa ampulalarda ham raqobat kuchli. Men raqobatdan qo'rqmayman va o'zimga ishonaman. Men uchun raqobat bo'lgani yaxshi. Chunki, raqobat bor joyda o'sish bo'ladi.


"Buxoro" matbuot xizmati

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia