YCHL-2017/2018. Kariusning finaldagi qo'pol xatolari Ramos sabab yuzaga kelgan

"Beshiktosh"da faoliyat yuritayotgan Loris Karius Chempionlar ligasining 2017/2018 yilgi mavsumi final uchrashuvida yo'l qo'ygan xatolarini izohladi.

"Bu o'yin menga juda ko'p narsani o'rgatdi. Serxio Ramosning boshimga berilgan zarbasidan keyin miyam chayqaldi, bu mening ko'rish qobilyatimni cheklab qo'ydi. Bu izlanishlar natijasida isbotlangan holat. Men bundan hech qachon bahona sifatida foydalanishni istamaganman, lekin boshini jiddiy jarohatlagan insonning masxara qilinishini tushunmayman", - dedi Karius Germaniyaning "Bild" nashriga.

Eslatib o'tamiz, 2017/2018 yilgi mavsum YCHL finalida "Livevrpul" darvozasini qo'riqlagan Loris Karius ikkita qo'pol xatoga yo'l qo'ygan, yakunda "Real" g'alaba qozongandi (1:3). O'sha bahsda Ramos Kariusga tirsagi bilan zarba bergan. Keyinroq darvozabonning miyasi chayqalgani ma'lum bo'lgandi.

E'tiborli jihati shundaki, aynan o'sha bahsda Mersisayd klubi yetakchisi Muhammad Saloh ham Ramos ishtirokidagi epizoddan keyin jiddiy jarohat olib, maydonni tark etgandi.


Manba: Bild