"Dinamo" - 2017: Eng, eng, eng...

Narzulla Saydullayev
2 dek 2017, 14:04
Dinamo klubi matbuot xizmati o'z ananasiga binoan, jamoaning 2017 yilgi mavsum yakunlari sarhisobi bilan tanishtirib boradi.

ENG KO'P O'YIN – JASUR AZIMOV

2017 yil davomida Dinamo safida eng ko'p vaqt davomida maydonda to'p surgan futbolchi Jasur Azimov bo'ldi. Yil davomida chap qanot himoyasi va tayanch yarim himoyachisi sifatida to'p surgan 23 yoshli futbolchi 25 ta o'yinda maydonga tushib, 2202 daqiqa davomida harakat qilgan. Bu vaqt davomida Azimov 2 ta gol urish bilan birga 10 marta bosh hakam tomonidan ogohlantirilgan.

Bu borada ikkinchi o'rinda Shohruh Xolmatov qayd etildi. 24 yoshli himoyachi 22 o'yinda 1882 daqiqa to'p surib, 5 ta sariq kartochka va 1 marta qizil kartochka bilan siylangan. Kubok doirasida esa 1 ta gol, 2 sariq va 1 ta qizil kartochka olgan.

Eng ko'p o'ynagan uchinchi futbolchi moldavalik Radu Rogak bo'ldi. 22 yoshli himoyachi 22 o'yinda 1841 daqiqa davomida to'p surib, 1 ta gol va 1 sariq kartochka olgan.

Shuningdek, 22 yoshli himoyachi Mirkomil Lokaev 1817, darvozabon Mixail Naumov 1800, Akmal Bozorov 1736 daqiqa davomida to'p surgan va 2 ta gol muallifiga aylangan.

ENG KO'P GOL – AMIRJON SAFAROV

2017 yilgi mavsumda Dinamo 21 marta raqib darvozasini ishg'ol etdi. Bu maqtovga arzigulik ko'rsatkich bo'lmasada, gollar muallifini keltiramiz.

Mavsum davomida 24 o'yinda maydonga tushib, 1470 daqiqa to'p surgan Amirjon Safarov 4 ta golga mualliflik qildi. 2016 yilda Birinchi Ligada to'purar bo'lgan 22 yoshli hujumchi bu yil Buxoro, So'g'diyona (2 ta) va Neftchi singari jamoalar darvozasini ishg'ol etishga erishdi.

Shuningdek, Abdumalik Abdullaev, Sardor Sulaymonov, Jasur Azimov, Akmal Bozorov, Javohir Qahramonov va himoyachi Adnan Oraxovaclar 2 martadan Dinamo raqiblari darvozasini ishg'ol etishgan. Radu Rogak, Iskandar Xolmirzaevlar hisobida bittadan gol bo'lsa, yana bitta gol Metallurg bilan mavsumdagi ilk o'yinda avtogol sifatida qayd etilgan.

ENG KO'P GOLLI PAS - JAVOHIR QAHRAMONOV

Dinamo safida mavsum davomida eng ko'p golli pas uzatgan futbolchi Javohir Qahramonov bo'ldi. 21 yoshli yarimhimoyachi Samarqandda yarim yil faoliyat olib borgan bo'lishiga qaramay, 13 o'yinda maydonga tushib, 1067 daqiqa davomida jamoadoshlarining 6 ta goliga assistentlik qilgan. Shu bilan birga Dinamo safida birinchi davrada 2 ta gol urgan.

ENG KO'P OGOHLANTIRISH – JASUR AZIMOV

Dinamo jamoasi safida eng ko'p o'yin amaliyotiga ega bo'lgan Jasur Azimov hakamlar tomonidan ham eng ko'p siylangan futbolchidir. Jasur o'tkazgan 25 o'yini davomida 10 marotiba bosh hakam tomonidan sariq kartochka bilan ogohlantirilgan.

Keyingi o'rinda birdaniga uch futbolchi joy olgan. Himoyachi Shohruh Xolmatov, Adnan Oraxovac va hujumchi Farhod Tojiev 5 martadan ogohlantirilgan. Qolaversa, Xolmatov Olmaliq - Dinamo o'yinida qizil kartochkaga ham loyiq topilgan.

Shuningdek, Amirjon Safarov – 4 marta, Doniyor Ismoilov va Damir Nizanovlar 3 martadan sariq kartochka olishgan.

ENG YOSH VA ENG YOSHI KATTA…

Qayd etish joiz, Dinamoning bu yilgi tarkibi yosh jihatdan jamoaning Oliy Liga tarixidagi eng yosh tarkibi bo'ldi.

Jumladan, joriy mavsumda jamoa safida Saidjamol Davlatjonov (19 yosh), Jasur Qurbonov (20 yosh), Abdujamol Isroilov (20 yosh), Hakimxon Alamxonov (21 yosh), Javohir Qahramonov (21 yosh), Mirkomil Lokaev (21 yosh) singari futbolchilar debyutlarini nishonlashdi. Jumladan, 1997 yilda tug'ilgan Saidjamol Davlatjonov Dinamo safida 2017 yilda maydonga tushgan eng yosh futbolchi bo'ldi.

Jamoa safida harakat qilgan eng yoshi katta futbolchi Aleksey Nikolaev bo'ldi. 1979 yilda tug'ilgan tajribali himoyachi bu yil 38 yoshni qarshi oldi.




Dinamo klubi matbuot xizmati

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcdinamo.uz