Deyan Jurjevich: “Gol urolmagan jamoa g'alaba qozonolmaydi”

Narzulla Saydullayev
23 avg 2019
Coca Cola O'zbekiston kubogi chorak finalidan o'rin olgan “Navbahor” – “Nasaf” klublari o'rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Deyan Jurjevich o'z fikrlarini bildirdi.

Avvalo “Nasaf” jamoasini bugungi g'alaba va yarim final yo'llanmasini qo'lga kiritganligi bilan tabriklayman. O'yin borasida to'xtaladigan bo'lsam, bahs juda qiyin kechdi. Shuningdek, yana bir narsani takidlamoqchimanki, gol urolmagan jamoa g'alaba qozonolmaydi. Bugungi bahsda ushbu ibora o'z tasdig'ini topdi.



- Mazkur uchrashuvdan oldin “Nasaf” klubining o'yin uslubini o'rganganmidingiz?

- Albatta, qarshiliklarning o'yinlarini tahlil qilib, o'rganib chiqqandik. “Nasaf”ning tarkibi asosan yoshlardan iborat hamda futbolchilarining tezkorligini, vohaliklar asosan qarshi hujumga tayangan holda to'p surishlarini oldindan taxmin qilgandik va amalda ham shunday bo'ldi. Shogirdlarim qarshiliklarning qarshi hujumlaridan birida bir marta qo'pol xatoga yo'l qo'yib, o'z darvozalaridan to'p o'tkazib yuborishdi hamda ushbu xato qimmatga tushdi.

Mashg'ulotlar davomida yigitlarga qarshi hujumlarda ehtiyot bo'lish lozimligini uqtirgandik va takidlagandik. Afsuski, o'tkazib yuborilgan to'pdan so'ng, rejalarimiz o'zgarib ketdi. Natijada “Nasaf” g'alaba qozonishga muvaffaq bo'ldi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz