Davron Mamatov: Cementchi elitada yo'qolib qolmaydi

Aslanov Jasurbek
19 dek 2017, 00:37
Tez orada oliy liga jamoalari yangi mavsumga tayyorgarlik mashg'ulotlarini boshlaydilar.

Muddatidan avval oliy liga yo'llanmasini qo'lga kiritgan Cementchi birinchilar qatori Superliga nomi ostida o'tkaziladigan yangi chempionatga tayyorgarlik ishlarini boshladi.

Abdumalik Hakimov shogirdlari yakunlangan mavsum 85 ochko bilan kichik oltin medalga ega chiqib, elitaga yo'l olishganini aytish o'rinli. Biz Cementchi sardori Davron Mamatovdan aynan mavsum tadorigi yuzasidan intervyu oldik.

- Davron, jamoaning kuchlilar qatorida o'ynashiga jiddiy e'tibor qaratilyaptimi? Qanday o'zgarishlar bor?

- Jiddiy yondashilishi aniq, har holda, oliy liga boshqa musobaqa.

- Xo'sh, sizningcha, Cementchi Superliga bosimiga tayyormi?

- O'ylaymanki, ha. Muhimi, o'z mehnatimiz evaziga kuchlilar safiga qo'shildik. Endi kelasi yili shunchaki, bir mavsum o'ynash uchun chiqmaganimizni isbotlashimiz kerak. Menimcha, Cementchi oliy ligada yo'qolib qolmaydi. Jamoada o'z o'rnini topish uchun salohiyat va imkoniyat etarli.

- Lekin birinchi va oliy liga o'rtasida katta tafovut bor va sizlarga oson bo'lmasligi tayin. Buni his qilyapsizlarmi?

- Fikringizga 100 foiz qo'shilaman. Asosiysi, jamoamizda ko'zlari yonib turadigan iqtidorli yigitlar ko'p. Qolaversa, bosh murabbiyimiz Abdumalik Hakimov hali tarkibni elitada o'ynash tajribasiga ega futbolchilar bilan to'ldirsa kerak.

- Kelasi yili Superligada 12ta jamoa ishtirok etadi. Bu nisbatan kuchsizroq  jamoalarga qo'shimcha qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi xususidagi fikrlarga qo'shilasizmi?

- Nima bo'lishidan qatiy nazar, ishtirokchilar shunga yarasha tayyorgarlik ko'rishadi. Tarkib ham mos ravishda kuchaytiriladi. Asosiysi, o'tkinchi o'yinlar kuzatilmaydi.

Demak, har bir jamoa imkon qadar yuqoriga intiladi. O'ylaymanki, jamoamiz mutasaddilari shunga muvofiq, sharoitlar yaratib berishadi, tarkib elita talabiga moslashtiriladi. 

- Umuman, 12ta jamoali turnirga munosabatingiz qanday?

- Shaxsan menga qolsa, 16ta jamoa o'ynagani yaxshi edi. Faqat klublar oldiga qo'yiladigan talablarni kuchaytirishsa bo'lardi.

- Masalan, qanday talablarni?

- PFL jamoalar sonini qisqartirish evaziga futbol sifatini oshirishni ko'zlamoqda. Ammo 16ta ishtirokchi bilan ham bu maqsadga erishish mumkin edi, yani talablarni keskinlashtirish yo'li orqali.

- Klub bilan shartnomangiz muddatini uzaytirdingizmi?

- Bu ish yaqin kunlarda amalga oshadi. Har holda, elitada ham Cementchiga yordam bermoqchiman.

- Mavsum yakunlari haqida qanday fikrdasiz? Birinchi ligada kurash kuzatildimi?

- 3-4ta jamoaning oliy liga yo'llanmasiga davo qilgani ko'p narsadan dalolat. Andijon, Istiqlol, Surxon, NBU-Osiyo klublari bu borada jiddiy raqobatni yuzaga keltirdi. Shuningdek, deyarli barcha raqiblar bizga qarshi o'yinlarga alohida yondashishdi. 

- Cementchi tarkibida oliy ligada suyagi qotgan futbolchilar deyarli yo'q. Xo'sh, jamoa nimaning hisobiga yo'llanmani muddatidan avval qo'lga kiritdi?

- Ahillik evaziga. Futbolchilar ishga sidqidildan yondashishdi, murabbiylar ko'rsatmalarini bekamu ko'st bajarishdi. Eng muhimi, a'lo darajadagi ichki muhit shakllantirildi. Ishoning, yigitlarimiz oliy liga futbolchilaridan aslo qolishmaydilar.

- Bosh murabbiy Abdumalik Hakimovga qanday tarif berasiz - u qattiqqo'lmi yoki ko'ngli yumshoq?

- O'yin va mashg'ulotlar chog'ida qattiqqo'l. Maydondan tashqarida esa hazillashishni xush ko'radi.

- Endi o'z haqingizda ma'lumot bersangiz. Qaysi futbol maktabida tahsil olgansiz, Cementchi safida qanday paydo bo'ldinsiz?

- Paxtakor maktabi tarbiyalanuvchisiman. Birinchi murabbiyim - Lenur Eremeev. Paxtakorda Dilshod Nuraliev va Robert Gay qo'l ostida ham shug'ulanganman.

Ulardan bir umr minnatdorman. Keyinchalik Bunyodkor o'rinbosarlar jamoasida o'ynadim, Qo'qon-1912 sharafini himoya qildim. 2015 yilning ikkinchi yarmida Cementchi safiga qo'shildim. 

- Qiziq, Paxtakorga qaytish niyatingiz bormi?

- Albatta. Klubdan ketayotganimda, vaqti kelib, qaytishni dilimga tugib qo'yganman. Nasib qilsa, bu jamoada hali o'ynayman. Hozircha kelasi mavsum Paxtakorga qarshi kechadigan o'yinni sabrsizlik bilan kutyapman.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif