Coca Cola Superliga. 5-tur prevyusi (faqat raqamlar)

Narzulla Saydullayev
18 iyun 2020, 15:46
Ertaga Coca Cola Superligasida 5-tur o'yinlariga start beriladi.

Coca Cola Superliga. 5-tur
19 iyun, juma
“Qo'qon-1912” – “Qizilqum”
Hakamlar:
Vadim Agishev, Rishat Nugmanov, Xusan Nabiev, Akmal Rahimov
Nazoratchi: Baxtiyor Tog'aev
Komissar: Jahongir Rahmatullaev

Restartni mag'lubiyat bilan boshlagan ikki klub o'rtasidagi bahs. Bu jamoalar shu paytga qadar chempionat doirasida 18 marta to'qnash kelishgan. O'yinlarning 6tasida qo'qonliklar, 11tasida navoiyliklarning qo'li baland kelgan. Bitta uchrashuvda durang natijasi qayd etilgan. O'tgan mavsum o'zaro o'yinlarda safarda o'ynagan jamoa g'alaba qozongani e'tiborga molik. Navoiyda "Qo'qon-1912" 1:0 hisobida yutgan bo'lsa, Qo'qonda "Qizilqum" 2:1 hisobida muvaffaqiyatga erishgan.



“Paxtakor” – “Bunyodkor”
Hakamlar:
Sherzod Qosimov, Sanjar Shoyusupov, Alisher Usmonov, Rahim Karimov
Nazoratchi: G'ayrat Karimov
Komissar: Laziz Qo'chqorov

Vadim Abramov va Shota Arveladze to'qnashuvi. Chempionatlar tarixida bu jamoalar 28 bellashuvda maydonga tushishgan. Ularning 10tasida "Paxtakor" zafar quchgan bo'lsa, 9ta bahsda durang kuzatilgan. Yana 9ta bahsda "Bunyodkor" g'olib bo'lgan. Bir yil oldin ushbu jamoalar o'rtasidagi bahslar g'alati bo'lgan. Birinchi davradan o'rin olgan "Bunyodkor" - "Paxtakor" uchrashuvi "Paxtakor" stadionida o'tkazilgan va unda nominal mehmonlar 2:1 hisobida g'alaba qozonishgan. Ikkinchi davradan o'rin olgan "Paxtakor" - "Bunyodkor" uchrashuvi esa "Bunyodkor" o'yingohida tashkil etilgan hamda unda nominal mehmonlar, yani "qaldirg'ochlar" 3:2 hisobida zafar quchishgan. "Sherlar" 2019 yilgi mavsumda chempionatda bir bor mag'lub bo'lishdi va o'sha mag'lubiyat Vadim Abramov boshchiligidagi "Bunyodkor"dan qabul qilingandi.



20 iyun, shanba
“Navbahor” – “Buxoro”
Hakamlar:
Viktor Serazitdinov, Aleksandr Sidorov, Avaz Abdullaev, Axmad Ergashev
Nazoratchi: Timur Abdullaev
Komissar: Axmed Tillaev

Bu ikki klub O'zbekiston chempionatlari tarixida shu kunga qadar 56 bor to'qnash kelishgan. 31ta uchrashuvda "lochinlar"ning qo'li baland kelgan. 16ta bahsda "Buxoro" 3 ochko egasiga aylangan va 9ta o'yinda g'olib aniqlanmagan. O'zaro o'yinlarning oxirgi 8tasida "Buxoro" ushbu raqibni umuman mag'lub eta olmagan. So'nggi bor buxoroliklar "Navbahor"ni 2016 yilgi mavsum Namanganda mag'lub etishgan edi.



“Lokomotiv” – “So'g'diyona”
Hakamlar:
Aziz Asimov, Xusniddin Shodmonov, Aleksandr Burov, Ilya Ilin
Nazoratchi: Dmitriy Roman
Komissar: Shohrux Said

Restartni ikki xil kayfiyatda boshlagan klublar o'rtasidagi bahs. Ushbu jamoalar milliy chempionat doirasida hozirga qadar 24 bor o'zaro o'yin o'tkazishgan. 17ta o'yinda "temiryo'lchilar" muvaffaqiyat qozonishgan. 3 marta jizzaxliklar zafar quchishgan. Qolgan 4ta o'yinda durang kuzatilgan. "Lokomotiv" o'z maydonida "So'g'diyona"ga qarshi 12ta o'yin o'tkazgan va 12 marta g'alabaga erishgan. Jizzax klubi ushbu jamoa maydonidagi 12ta bahsda jami 3ta gol ura olgan xolos. "Temiryo'lchilar" uyida o'tgan oxirgi 3ta uchrashuvda mehmonlar umuman gol ura olishmagan.



AGMK – “Surxon”
Hakamlar:
Rustam Lutfullin, Abduhamidullo Rasulov, Olim Abduvosilov, Abdurashid Xudoyberganov
Nazoratchi: Konstantin Smirnov
Komissar: Erkin Baxtiyorov

Bu jamoalarning o'zaro o'yinlari tarixi qisqa va bu o'tgan mavsumdan boshlangan. Hozirga qadar o'tgan ikki o'yinda ikkala jamoa bittadan g'alabaga erishgan. Olmaliqdagi bahsda AGMK 2:0 hisobida g'olib bo'lgan, Termizda esa "Surxon" 1:0 hisobida zafar quchgan. Bu mavsum AGMK Coca Cola Superligasida mag'lub bo'lmagan ikkita klubdan biri bo'lib turibdi. "Surxon" esa bu yilgi yagona g'alabasini safarda qo'lga kiritdi.



21 iyun, yakshanba
“Andijon” – “Metallurg”
Hakamlar:
Ravshan Abduvohidov, Zufar Eliboev, Farhod Usmonov, G'ayrat Jo'raev
Nazoratchi: Igor Nexochin
Komissar: Muhammad Sodiq Sodiq-Oxunov

Ushbu klublar hozirga qadar O'zbekiston chempionatida 36 marta o'zaro o'yin o'tkazishgan. Shundan 14tasida Bekobod klubi, 12tasida Andijon klubi g'olib bo'lgan. Qolgan 10ta uchrashuvda tomonlar murosa ko'chasini tanlashgan. "Metallurg" o'z tarixida bir marta Andijonda g'alabaga erishgan (2011 yil). "Burgutlar" o'z maydonidagi so'nggi 6ta o'yinning faqat bittasida g'olib bo'lishgan (4ta durang va 1ta mag'lubiyat). "Andijon" bu mavsum 4-turdan keyin g'alaba qozona olmagan uchta klubdan biri bo'lib turibdi.




“Mashal” – “Nasaf”
Hakamlar:
Shavkat Nasibullaev, Rasul Fozilov, Maksim Nexochin, Rustam Choriev
Nazoratchi: Mamur Saidqosimov
Komissar: Sardor Qudratullaev

Qashqadaryoning ikki klubi restartni bir xil, 2:2 hisobidagi natija bilan boshlashdi. Bu jamoalar hozirga qadar 30 bor to'qnash kelishgan. 16ta uchrashuvda "ajdarlar" g'olib bo'lgan, 8ta o'yinda "gazchilar" zafar quchishgan. Yana 6ta bahsda durang qayd etilgan. Muborakda o'tgan 15ta uchrashuvdan 3tasida "Nasaf" g'alabaga erishgan. Bu jamoalar o'rtasidagi oxirgi 3ta uchrashuvning barchasida "Nasaf" g'olib bo'lgan. Joriy mavsum "Mashal" Muborakda ikkita o'yin o'tkazdi va umuman mag'lub bo'lmadi. "Nasaf" esa safarda ikkita o'yinda maydonga tushdi va ikkita g'alabaga erishdi.



Narzulla Saydullaev tayyorladi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia