

Mamlakatimizdagi istedodli bolalarni saralab olib, ularni futbol bilan muntazam shug'ullanishlarini taminlash, yosh futbolchilarning saviyasini o'stirib borish, yangi istedodlarni kashf qilish maqsadida, O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan “Chig'atoy” sport bazasida istedodli bolalar futbol guruhlari tashkil etilgan bo'lib, bu yerda 220 nafarga yaqin 6 yoshdan 17 yoshgacha bo'lgan bolalar futbol sir-asrorlarini o'rganishmoqda.
Ushbu guruhlarga O'FA tomonidan Zayniddin Tojiev, Eldor Magdeev, Hikmat Hoshimov kabi o'tmishning futbol yulduzlari va milliy terma jamoa a'zolari jalb qilingan bo'lib, hozirda jami 12 nafar murabbiy faoliyat olib bormoqda.
Har bir chiziqda harakat qiluvchi futbolchilar bilan alohida murabbiylar ish olib borishini ham alohida ta'kidlab o'tish zarur. Masalan, darvozabonlar murabbiyi yosh futbolchilar bilan alohida mashqlar olib borsa, hujumchilar murabbiyi esa yosh futbolchilarda tezkorlik, kuchli zarba yo'llash, to'purarlik kabi xususiyatlarni shakllantirib borishmoqda.

“Chig'atoy” sport maktabi azaldan yurtimizda mashhur bo'lgan. Bu yerdan Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin kabi ko'plab futbolimiz yulduzlari yetishib chiqishgan. Keyinchalik turli sabablarga ko'ra bu yerdagi maktab o'z faoliyatini to'xtatib qo'ygan edi. Ammo O'zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yangi rahbar kelganidan keyin birinchilardan bo'lib ushbu futbol maktabining faoliyatini tiklashga kirishildi. O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vice-prezidenti Umid Ahmadjonovning tashabbuslari bilan bu yerda yana futbol guruhlari ish boshladi. Malakali murabbiylar jalb qilindi. Hozirda futbol guruhlarimizda iqtidorli bolalar saralanib bormoqda. O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan futbol guruhlari a'zolari nazariy va amaliy mashg'ulotlar o'tkazishi va o'z mahoratlarini sayqallab borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.
Umid Muhammadjonovich tomonidan yo'lga qo'yilgan yana bir tashabbusni alohida ta'kidlab o'tish kerak. Futbol guruhlarimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo'lgan oilalar bolalari futbol bilan bepul shug'ullanishmoqda. Ulardan hech qanday mablag' talab etilmaydi. Bu esa haqiqiy iqtidor egalarini, istedodli yoshlarni aniqlab olish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi.
Umid qilib qolamizki, ushbu guruhlardagi bolalar kelajakda milliy terma jamoalarimiz uchun munosib nomzod bo'lib yetishib chiqishadi. Asosiy maqsadimiz ham shu”, - deydi “Chig'atoy” sport maktabi direktori Rustam Abdullaev.




