CA so'rovnomasi. Mourinyoning davri o'tdimi?

Xayrulla Xoliqov
10 noya 2021
"Roma" Joze Mourinyo qo'l ostida A seriyada 6-o'rinni egallab turibdi.

Rimliklar 12ta o'yindan 6tasida g'alaba qozonib, bir bor durang qayd etishdi va 5ta uchrashuvda mag'lubiyatga urashdi. To'plar nisbati 21-15. Jamoa 19 ochko to'plagan. 

"Roma" o'tgan tur "Veneciya"ga 2:3 hisobida imkoniyatni boy bergach, Telegram kanalimizga "Sizningcha, Mourinyoning davri o'tdimi?" mazmunida so'rovnoma qo'ygandik. Bugun natijalarni e'lon qilamiz. 

O'tgan to'rt kun davomida so'rovnomada 9 mingdan ziyod o'quvchimiz ishtirok etib, 77 foizi "Ha" variantini belgilagan, 23 foiz ishtirokchi esa "Yo'q" degan variantda to'xtaldi. 


Albatta, bu so'rovnoma "Roma" faqat o'tgan tur mag'lub bo'lgani uchun kanalga qo'yilmadi. Balki rimliklarning oxirgi uchrashuvlarda bir tekis o'yin ko'rsata olmayotgani sabab bo'ldi. Xususan "Roma" oxirgi 7ta o'yindan faqat bittasida g'alaba qozondi. Jamoa safarda "Kalyari"ni mag'lub etib qaytdi. 

"Roma" 17 oktyabr kuni Turinda "Yuventus"ga mag'lub bo'lganidan keyin oradan 4 kun o'tib Norvegiyaga safar qildi va kutilmaganda "Bodo Glimt" degan jamoadan 1:6 hisobida mag'lubiyatga uchradi. Deyarli hech kimga tanish bo'lmagan klubdan bunday hisobda yutqazish albatta "Roma"ga va Mourinyodek mashhur murabbiyga yarashmaydi. 

Balki bu tasodifdir dedik, lekin "Roma" javob o'yinida ham Norvegiya klubini enga olmadi. O'yin 2:2 hisobida tugadi. Javob bahsiga qadar Mourinyo shogirdlari uyda "Napoli" bilan 0:0 o'ynab, safarda "Kalyari"ni mag'lub etib qaytishgandi. Uyda esa "Milan"ga ham imkoniyat boy berildi. 

"Roma" o'z maydonida "Bodo Glimt" bilan durang qayd etgach, "Veneciya" maydonidan mag'lubiyat bilan qaytdi. Mourinyo OAVga bergan intervyusida chempionatni kuchli to'rtlikda yakunlash haqida gapirdi. Lekin bu oson bo'lmaydi. Chunki "Milan", "Inter", "Yuventus", "Napoli", "Atalanta", "Lacio" kabi klublar "Roma"ga qaraganda yaxshiroq o'yin namoyish etmoqda. 

Joze Mourinyoning o'yin uslubi ehtimol 10 yillar muqaddam futbol olamida "portlash" bo'lgandir, lekin bugungi kunga kelib eskirib qolganga o'xshayapti. 

Siz bu borada qanday fikrdasiz?


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia