

"Buxoro"ning ayni paytda turnir jadvalida egallab turgan o'rnidan yana o'tgan yilgidek jon saqlab qolish yo'lida kurashadiganga o'xshaydi. Jamoaning ayni paytdagi holatidan kelib chiqib gapiradigan bo'lsak yangi murabbiy aniqrog'i sodda qilib aytganda tez yordam nihoyatda zarur. Ushbu vazifani esa yaqin orada jamoaga tayinlanishi kutilayotgan Aleksandr Xomyakov bajara olishi mumkin. Ushbu mutaxassis o'tgan mavsumda "Andijon"ni ham deyarli shunday holatda qabul qilib olgan, yakunda esa jamoani elitada olib qolishni uddasidan chiqa olgandi. Albatta, kelayotgan har qanday murabbiydan ko'p narsa kutish yaramaydi.
Bizga yetib kelgan ma'lumotlarga ko'ra jamoa a'zolari Jamshid Saidov qo'l ostida mashg'ulotlarni davom ettirmoqda. Muhsin Muhammadiev esa mehmonhonada istiqomat qilyapti. Uning yordamchilari ham jamoa bilan birga emas. Qisman bo'lsada xulosa qilsak Aleksandr Xomyakovning "Buxoro" murabbiylik postiga kelishi haqiqatga yaqin. Ikki tomon o'zaro muzokaralarga ham kirishishgan. Agarda kelishuv amalga oshadigan bo'lsa bu qo'hna shahar jamoasi uchun faqat foyda bo'lishi shubhasiz. Agarda Xomyakov yoki boshqa murabbiy boshqaruvni qo'liga olsa nimalarni o'zgartirishi kerak? Quyida biroz mulohaza yuritib ko'ramiz.

Yangi kelgan murabbiy birinchi galda jamoadagi futbolchilarning kayfiyatini va shu orqali ichki muhitni yaxshilashi darkor. Qator ochko yo'qotishlardan so'ng har qanday jamoada ham kayfiyat, g'alabaga bo'lgan ishonch yo'qoladi. Xomyakov ana shu narsaga birinchi galda e'tibor qarata olishi lozim. Hozirgi sharoitda uslub va o'yinni yo'lga qo'yib olishdan ham futbolchilarning o'ziga bo'lgan ishonchini qaytarish, ruhiyatini ko'tarish kerak. Buning uchun murabbiy psixologik tomondan yaxshigina bosh qotirishiga to'g'ri keladi. Xomyakovda esa bu borada tajriba etarli. "Buxoro" tarkibida yomon futbolchilar yig'ilmagan. Aslida yomon futbolchi bo'lmaydi. Shunchaki ularning kuchli taraflaridan, bor imkoniyatidan foydalangan holda o'yinni qurish talab etiladi. Muhsin Muhammadiev qo'l ostidagi bor futbolchilar bilan hech narsa qila olmasligini tan olmoqda. Aksariyat matbuot anjumanlarida u jamoaga legionerlar yetishmayotganini sabab sifatida ko'rsatmoqda. Xomyakov esa mahalliy iqtidorlar bilan ham natija qila olishligiga hech kimda shubha yo'q. "Mashal" va "Andijon"dagi faoliyati buning yaqqol dalilidir. U qisqa vaqt ichida nima istayotganini va talablarini futbolchilarga tushuntira olsa bo'lgani. Mana Ravshan Haydarov ham oz muddatda shogirdlarini uyg'ata oldiku. Demak, dastlabki qilinadigan yurish bu jamoa a'zolariga shijoat va g'oliblik ruhiyatini olib kirish.

Shundoq ham tig'iz taqvimda turnir javdalining quyi o'rinida borayotgan jamoaga oson bo'lmaydi. Bu faqat "Buxoro" jamoasiga tegishli gap emas. "Andijon", "Qizilqum"ni holati ularnikidan qolishmaydi. Bitta tarkib bilan harakat qilayotgan klublar endilikda kubok bahslari orqali zaxira imkoniyatlarini tekshirib olishadi. Shu tariqa asosiy tarkibda ma'lum bir rotatciyalarni amalga oshirishadi.
"Buxoro"da ham maksimal bitta zo'r tarkib bor. Ularni orasiga o'rinbosarlar jamoasidan ko'zi yonib turgan iqtidorli yoshlarni qo'rqmasdan qo'shsa bo'ladi. Superliga klublarining aksariyat murabbiylari bir gapni ko'p takrorlashadi. "Barchaga imkoniyat beramiz. Munosiblari o'ynaydi". Xomyakov undaylar sirasiga kirmaydi, o'zini ko'rsatgan iqtidorli yoshlarga ishonch bildirishdan qochmaydi. Agarda u tayinlanadigan bo'lsa kubok bahslarida yuqorida takidlaganimizdek ko'proq ikkinchi tarkibni sinovdan o'tkazib oladi. Qaysidir manoda kubok unga jamoani ikkinchi davraga tayyorlash vazifasini o'taydi. Rahbariyat Xomyakovni oldiga elitada qolish vazifasini qo'yadi. Tabiiyki, Xomyakov bor e'tiborini Superligaga qaratadi.

Albatta, har qanday murabbiy o'z uslubiga mos futbolchilar bilan ishlashni istaydi. Lekin, ayni paytda mavsum o'rtasida buni amalga oshirish imkonsiz. Yozgi transferlar oynasi vaqtida ham yaxshi saviyadagi futbolchini topish mushkul ish. Chunki, Superliga klublarida to'p tepayotgan o'yinchilar yilni oxirigacha mo'ljallangan shartnomaga imzo chekishgan. Yana bir narsa pandemiya sabab aviaqatnovlar hali beri tiklanmaydi. Xorijdan futbolchi olib kelish qiyin masala. "Buxoro" tarkibidagi legionerlar qachon jamoa ixtiyoriga yetib keladi. Bu ham jumboqligicha qolmoqda. Shu sababli Xomyakov ikkinchi davrada mahalliy futbolchilar ko'magiga suyanishga majbur. Ushbu mutaxassis qo'l ostidagi futbolchilar bilan ham yaxshi jamoa tuza olishiga ishonchim komil.
Bundan buyon vaziyat qaltis. O'tayotgan vaqt va yo'qotilayotgan ochkolar "Buxoro"ning zarariga ishlamoqda. Esingizda bo'lsa 2015 yilgi mavsumni ham jamoa omadsiz boshlagan, birinchi davradan so'ng turnir jadvalida oxirgi o'rinda borayotgandi. O'shanda Jamshid Saidov va Tachmurod Agamurodov boshchiligida "Buxoro" kuchlilar safida qolishni uddasidan chiqqandi. Aftidan yana o'sha ssenariy takrorlanadiganga o'xshaydi. Faqat bu safar Aleksandr Xomyakov bilan. Bizga yetib kelgan so'ngi ma'lumotlarga ko'ra Jamshid Saidov bosh murabbiy, Xomyakov esa maslahatchi murabbiy sifatida tez kunda rasman e'lon qilinadi.
Abdulaziz Iskandarov.



