Buxoroda 20 ming kishilik yangi markaziy stadion shahardagi 6-mikrorayon hududida quriladi

Narzulla Saydullayev
22 fev 2024, 17:14
Kecha 2022 yilgi O'zbekiston kubogi final uchrashuvi o'tkazilgan Buxorodagi stadionni buzish ishlari boshlanib ketgani haqida xabar bergan edik.

Boqiy Buxoro madaniy-etnografik parki barpo etilishi yuzasidan 31 yanvar kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Buxoro viloyati hokimi shahar markazidagi "Buxoro" sport majmuasi haqida ham gapirgan.

Botir Zaripov 20 ming kishilik yangi markaziy stadion Buxorodagi 6-mikrorayon hududida qurilishini aytib, 5-6 gektar er avtoturargohlar uchun ajratilishini ma'lum qilgan.

“Qolgan qismiga stadion bilan bog'liq bo'lgan kichik futbol maydonlari joylashtiriladi, to'rt tomondan stadionga kirish mumkin bo'ladi. Xalqlar do'stligi ko'chasida mintaqaviy futbol akademiyasi qurilyapti. Jami 70 mlrd so'm mablag' ajratildi. 5 ming tomoshabinga mo'ljallangan tribuna, 200 o'quvchiga mo'ljallangan yotoqxona inobatga olingan”, – degan u.



Bosh arxitektor Zuhriddin Muhiddinov ham yangi stadion borasida qo'shimcha ma'lumot bergan.

“Bu stadion xalqaro andozalarga mos 20 ming tomoshabin sig'imiga ega bo'ladi. Atrofida avtoturargohlar va xizmat ko'rsatish obektlari barpo etiladi. 28-bolalar va o'smirlar futbol maktabi negizida Buxoro futbol akademiyasi quriladi. Bu shu yilning o'zida bo'ladi. Buxoro sport majmuasi eskirgan, yuqori balkon qismi avariya holatida. Devorida yoriqlar paydo bo'lgan. Katta hajmdagi tomoshabinlarni joylashtirish xavf tug'diradi.

Yangi stadion loyihasida esa konferenciya zallari, sport sog'lomlashtirish komplekslari bo'ladi, ijtimoiy imkoniyati cheklanganlar uchun imkoniyat yaratiladi”, – degan u.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: Championat.asia