“Bunyodkor” FK a'zolari – TDIU mehmoni

Narzulla Saydullayev
17 yanv 2014, 11:13
Kecha Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti anjumanlar zalida “Bunyodkor” FK bosh murabbiyi – Mirjalol Qosimov, himoyachi – Sahob Jo'raev, hujumchi – Oleksandr Pishur va taniqli sharhlovchi – Axbor Imomxo'jaev universitet talabalari bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etishdi.
Universitetning "Davlat moliyasi va soliqlar" kafedrasi uqituvchisi Ulug'bek Xoliqov tomonidan “Barkamol yoshlar tarbiyasida futbolning roli” mavzusida tashkil etilgan tadbirni Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti rektori, professor Alisher Vaxobov kirish so'zi bilan ochib berdi. Mehmonlar bilan savol-javoblarga o'tishdan avval zaldagi ulkan monitorda “Bunyodkor” FKni tashkil etilishi va bugungi kungacha bosib o'tgan yo'lini ifodalab bergan videolavha namoyish etildi. Shundan so'ng talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.


Savol-javoblarning qiziqarli deb topilganlaridan bazi birlarini e'tiboringizga havola qilamiz.

- Mirjalol aka, har bir futbolchi yoki murabbiy rasmiy o'yindan bir kun avval ertangi uchrashuv haqida o'ylab chiqsa kerak. O'yinlardan bir kun oldingi uyquingizda ham futbol ko'rganmisiz?
- Bunaqasi ilgari juda ko'p bo'lardi, hozir ham tushimda futbol ko'rib turaman. Bir safar tushimda jarima zarbalari tepib chiqqanman.

- Yoshligingizda Siz ham hamma qatori mahallada ko'cha changitib to'p tepgan bo'lsangiz kerak. Nechta oyna sindirganingiz va qancha to'p yorganingizni eslay olasizmi?
- Aniq raqamlarini eslashim qiyin. Ammo bir qancha oyna almashtirishlariga to'g'ri kelgan. Shuningdek, bitta to'pni uzoq vaqt o'ynaganimni ham eslay olmayman.

- Futbolga kelgan ilk kuningiz yodingizdami?
- Ha, bu voqelikni kechagidek eslayman. 1980 yil 5 yanvar sanasida otam Qora-qamish dahasidagi “Chig'atoy” futbol maktabiga olib borib, Yuriy Mixaylovich Gospadarchuk qo'liga topshirgan.

- Hozirgi zamon futbolida o'ynovchi murabbiyning ham o'ziga xos roli bor. Aytingchi, terma jamoamizning 2018 yilgi jahon chempionati saralash bosqichi doirasida maydonga tushib o'ynashga imkon berishsa, bunga rozi bo'larmidingiz?
- Hammaning o'z davri bo'ladi. Bir paytlar men yosh bo'lganman va menga kimlardur yo'l berishgan. Keyinchalik men ham o'zimni chetga olib, boshqa yoshlarga joyimni bo'shatdim.

- Futbolga kirib kelmaganingizda hozirda qaysi soha xodimi bo'lib xizmat qilardingiz?
- Rostini aytsam, futboldan boshqa sohani tasavvur ham qila olmayman.

- “Bunyodkor” yetakchilarining “Lokomotiv”ga ko'chib o'tishi bu kelasi yili yurtimizga Osiyo Chempionlar ligasi uchun ko'proq joy olishga qaratilgan rejami?
- Futbolda shartnoma degan narsa bor. Ignatiy Nesterov, Jasur Hasanov, Anvar G'ofurov va Lutfulla To'raevning “Bunyodkor” bilan tuzgan shartnoma muddatlari yakuniga etganligi ular boshqa jamoaga o'tishni ixtiyor etishdi. Bu borada “Lokomotiv”ning taklifi ularga maqul keldi.

- “Bunyodkor” yangi mavsumda qanday ko'rinishda bo'ladi?
- Klub imidji qanday nufuzda bo'lsa – ana shunday bo'ladi! “Bunyodkor” tashkil etilganidan to hozirgacha ko'p ishlar qilindi, ma'lum vaqt o'tdi. Muhtaram Yurtboshimizning futbolga bo'lgan e'tibori tufayli zamonaviy stadionga, hamma sharoitlarga muhayyo etilgan ajoyib qarorgohga ega bo'ldik. O'sha paytda ekkan nihollarimiz – yani tarbiyalangan yosh futbolchilar bugungi kunda asosiy jamoani tark etganlarni o'rnini to'ldira olishadigan darajaga chiqishdi. Bejizga o'tgan yili o'rinbosarlarimiz yoshlar ligasi g'olibi bo'lishmadi. Sardor Sobirxo'jaev, Zabixillo O'rinboev, Mirjamol Qosimov, Kamronbey Kapadze, Javlon Mirabdullaev, Hasan Asqarov singari yosh futbolchilarimizdan bu yil umidimiz katta. O'tgan mavsum Sardaor Rashidov, Dilshod Jo'raev kabi futbolchilarga imkon bergandik. Ular muxlislarni xursand qilishdi.

Tadbir deyarli ikki soatga yaqin davom etdi. Bunday uchrashuvlar “Bunyodkor” FK uchun ham, universitet xodimlari uchun ham foydali bo'ldi.

Qiziqarli o'tgan yig'ilish suratlari bilan ushbu HAVOLAni bosgan holda tanishishngiz mumkin.

Bahodir MIRZAEV


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com