Bunyodkor 8 yoshda

6 iyul 2013, 12:42
Bugun Bunyodkor futbol klubi tashkil etilganiga 8 yil to'ldi.

Bunyodkor futbol klubi qisqa vaqt ichida havaskorlik jamoasidan O'zbekiston chempioni, mamlakat kubogi sohibi va qita chempionlar ligasi yarim finalchisigacha bo'lgan yo'lni bosib o'tdi.

2005 yilda Toshkent viloyati chempionatida (2-liga) “Quruvchi” nomi bilan ishtirok etgan jamoa muvaffaqiyat qozondi va kelgusi mavsumda O'zbekiston birinchi ligasida o'ynay boshladi. 38 ta uchrashuv (27 g'alaba, 5 ta durang va 6 ta mag'lubiyat) o'tkazib, dastlabki urinishdayoq liga turnirida g'olib chiqqan “Quruvchi” oliy ligada qatnashish huquqini qo'lga kiritdi.

2007 yili "Quruvchi" mamlakat futboli kuchlilari safida ilk uchrashuvlarini o'tkazdi va bir nechta rekordlarni yangiladi (masalan, eng ko'p urilgan va eng kam o'tkazib yuborilgan to'plar soni). "Quruvchi" hujumchisi Ilhom Mo'minjonov chempionatning eng yaxshi to'purari bo'ldi. 2007 yil mavsumida "Quruvchi" oliy ligada 30 ta uchrashuv o'tkazdi (22 ta g'alaba, 5 ta durang va 3 ta mag'lubiyat, urilgan va o'tkazib yuborilgan to'plar farqi 62 - 16) va 71 ta ochko to'plab, O'zbekiston chempionatlari tarixida birinchi bor kumush medallarni qo'lga kiritdi. Jamoa mamlakat Kubogida muvaffaqiyatli qatnashib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi uchrashuvda "Quruvchi" mamlakat chempioni "Paxtakor" ga qarshi munosib bahs olib bordi. O'yinning asosiy va qo'shimcha vaqti durang natija - 0:0 bilan tugadi. Penaltilar seriyasida esa omad raqiblarga kulib boqdi (6-7).

2008 yil "Bunyodkor" FK tarixidagi eng omadli yilga aylandi. Mavsum arafasida jamoa tarkibi sezilarli kuchaytirildi, mamlakatimizning eng yosh murabbiylaridan biri Mirjalol Qosimov bosh murabbiy etib tayinlandi. Yoz oxirida Bunyodkor FK sobiq jahon chempioni Rivaldo, braziliyalik himoyachi Luizao va chililik hujumchi Villyanueva bilan shartnoma imzoladi. Mamlakat terma jamoasi murabbiyi etib tayinlangan Qosimov o'rniga braziliyalik taniqli mutaxassis – ZIKO taklif etildi. Jamoa mamlakat chempioni va O'zbekiston Kubogi sohibiga aylandi. Osiyo chempionlar ligasi debyutanti bo'lgan jamoamiz qita klublarining eng nufuzli turnirida yarim finalga yetib borib, chet ellarda ham obro'-e'tibor qozondi.

2009 yil "Bunyodkor" milliy birinchilikda 30 uchrashuvda 86 ochko jamg'arib, chempionlik unvonini saqlab qoldi. "Qaldirg'ochlar" eng yaqin taqibchilarini 22(!) ochkoga ortda qoldiribgina qolmay, mavsumni mag'lubiyatsiz o'tkazishdi. Rivaldo raqiblar darvozalariga 19ta to'p kiritib chempionat to'purari bo'ldi. Mamlakat kubogi bahslarida esa "Bunyodkor" faqat final bahsida imkoniyatni boy berdi.

2010 yilgi mavsumni Luiz Felipe Skolari rahbarligida boshlagan "Bunyodkor" "oltin dubl"ga erishdi. Biroq ushbu mavsum "qaldirg'ochlar" uchun o'ziga xos sinovlar davri bo'ldi. Birinchi davradan so'ng klubni Skolari boshchiligidagi murabbiylar shtabi va 13(!) nafar yetakchi futbolchi tark etishdi. Ikkinchi davrani Mirjalol Qosimov boshchiligida mavsum zafarli yakunlandi. Chempionat bahslarida o'tkazilgan 26 uchrashuvning 20tasida g'alaba, 5ta durang va bir mag'lubiyat qayd etgan jamoa yakunda 65 ochko jamg'argan holda qatorasiga uchinchi chempionlikni tantana qildi. Mamlakat kubogi finalida esa makedoniyalik legioner Stevica Ristichning yagona goli evaziga bosh sovrin qo'lga kiritildi.

2011 yilgi mavsumni Mirjalol Qosimov sezilarli o'zgarishlarga duch kelgan tarkib bilan boshladi. Jamoa barcha turnirlarda munosib qatnashdi. Osiyo Chempionlar ligasida guruh bosqichi muvaffaqiyatli bosib o'tildi. “Bunyodkor” ketma-ket to'rtinchi bor O'zbekistonning chempioni degan sharafli nomga sazovor bo'ldi.

2012 yili “Bunyodkor” jamoasi o'zbek klublari ichida eng ko'p uchrashuvlarda ishtirok etdi. “Qaldirg'ochlar” O'zbekiston chempionatida 26ta, O'zbekiston kubogi doirasida 9ta hamda qitamizning klublar o'rtasidagi eng nufuzli turniri – Osiyo Chempionlar ligasi bahslarida 11ta uchrashuvda ishtirok etishdi. 2012 yilgi futbol mavsumi yakuniga ko'ra “Bunyodkor” O'zbekiston chempionatida kumush medallarni qo'lga kiritdi. Kubok bahslarida esa barcha raqiblarini dog'da qoldirdi va bosh sovrinni klub muzeyiga qaytardi. O'zbekistonlik ishqibozlarni quvontirgan eng ahamiyatli o'yinlar Chempionlar ligasi bahslariga to'g'ri keldi. Jamoamiz o'zbek klublari tarixida ilk bora qitamizning sharqiy mintaqada joylashgan klublariga qarshi o'ynashiga qaramasdan, guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o'tdi va dadillik bilan yarim finalga yetib keldi. Mirjalol Qosimov “Bunyodkor”ni Chempionlar ligasining ikki marotaba yarim finaliga olib kelgan murabbiy sifatida tarixda qoldi.

2012 yil klub tarixida yorqin iz qoldirishi shubhasiz. Mamlakatimiz rahbariyatining bevosita qo'llab-quvvatlashi natijasida mintaqamizdagi eng zamonaviy “Bunyodkor” stadioni foydalanishga topshirildi. Yangi arenaning tantanali ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti IslomKarimov ishtirok etib, futbolchilarimizga omad yor bo'lishini tiladilar. Endilikda yangi stadion poytaxtimizning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanib, xalqaro etirofga sazovor bo'loqda.

2013 yil mavsumida “Bunyodkor” barcha musobaqalarda munosib ishtirok etishga intilmoqda. Osiyo chempionlar ligasida yana Sharqiy mintaqada Yaponiya, Xitoy va Koreya klublari bilan o'ynagan  “qaldirg'ochlar” guruh bosqichini birinchi o'rinda yakunlashdi. Faqat pley-offda omad futbolchilarimizdan yuz o'girdi. Oliy liga birinchi davrasini Mirjalol Qosimov shogirdlari birinchi o'rinda yakunlashdi va chempionlikka asosiy da'vogarl ekanliklarini amalda isbotlashdi. O'zbekiston kubogi uchun kurash davom ettirilmoqda.

O'z navbatida, o'tgan yillar mobaynida klub infratuzilmasini mustahkamlash va zamon talablari darajasida tashkil etishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Shu bilan birga bolalar futbolini rivojlantirishga qaratilgan say-harakatlar samara bera boshladi. “Bunyodkor” futbol maktabi eng zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo'lib, yosh istedodli sportchilarni tarbiyalash yo'lida yutuqlarnir qo'lga kiritmoqda. Mamlakat o'smirlar va yoshlar terma jamoalari safida “qaldirg'ochlar” tobora ko'payib borayotgani hech kimni ajablantirmaydi. Bugungi kunda Turkiyada davom etayotgan yoshlar o'rtasida jahon chempionatida qatnashayotgan O'zbekiston terma jamoasi safida ham vakillarimiz borligi ushbu fikrni tasdiqlab turibdi. “Bunyodkor” futbolchilari yoshlar ligasida birinchi davradan keyin yakka peshqadam bo'lib turishibdi.

Bugun klubimiz tashkil etilgan kunda o'tgan yillar mobaynida “Bunyodkor”ning shakllanishi va rivoj topishiga hissa qo'shgan va qo'shayotgan barcha murabbiy va futbolchilar, mutasaddi va homiylar, mutaxassis va muxlislarni minnatdorlik hissi bilan yodga olamiz, ularga o'z tashakkurimizni izhor qilamiz. Kelgusida “Bunyodkor”ning yangi va yangi yutuqlariga shohid bo'lamiz degan umiddamiz!

Tug'ilgan kuning muborak bo'lsin, “Bunyodkor”!

Tarixga bir nazar:

YUTUQLAR:

•O'zbekiston kubogi sohibi – 2012

•Osiyo Chempionlar ligasi yarim finalchisi – 2012

•O'zbekiston vice-chempioni – 2012

•O'zbekiston chempioni – 2011

•O'zbekiston chempioni – 2010

•O'zbekiston kubogi sohibi – 2010

•O'zbekiston futbol federatsiyasining "Fair play" nominaciyasi g'olibi – 2010

•O'zbekiston chempioni – 2009

•O'zbekiston kubogi finalchisi – 2009

•O'zbekiston futbol federatsiyasining "Fair play" nominaciyasi g'olibi – 2009

•O'zbekiston chempioni – 2008

•O'zbekiston kubogi sohibi – 2008

•Osiyo Chempionlar ligasi yarim finalchisi – 2008

•O'zbekiston futbol federatsiyasining "Fair play" nominaciyasi g'olibi – 2008

•O'zbekiston vice-chempioni – 2007

•O'zbekiston kubogi finalchisi – 2007

•O'zbekiston birinchi liga chempioni – 2006

•O'zbekiston ikkinchi liga (Toshkent mintaqasi) chempioni – 2005

•O'zbekiston birinchi ligaga o'tish turniri g'olibi – 2005

•Toshkent "Mustaqillik kubogi" sohibi – 2005

Murabbiylar:

•Mavzur Umarxo'jaev 2005 yil

•Hikmat Ergashev 2006 – 2007 yillar

•Mirjalol Qosimov 2008 yil

•ZIKO, Artur Antunesh Koimbra 2008 yil

•Amet Memet 2009 yil iyul oyigacha

•Luiz Felipe Skolari 2009 – 2010 yillar

•Mirjalol Qosimov 2010 yilning ikkinchi yarmidan buyon 


Manba: bunyodkor.com