Bugun futbol. "Qo'qon-1912" - "Surxon"

Xayrulla Xoliqov
25 iyun 2020, 13:55
Bugun Coca Cola Superligasining 6-tur bahslariga start beriladi.

O'z maydonida avvalgi uchta o'yinni ketma-ket g'alaba bilan yakunlagan "Qo'qon-1912" o'z maydonida "Surxon"ni qabul qiladi. "Qo'qon-1912" jamoasi turnir jadvalida 9 ochko bilan 5-o'rinni egallab turibdi. "Surxon" hisobida esa 4 ochko bor va bu jamoa 11-pog'onada boryapti. 

Aytib o'tganimizdek, "Qo'qon-1912" bungacha o'tkazilgan beshta turdan uchtasida g'alaba qozondi va uchala g'alaba ham uydagi o'yinlarda qo'lga kiritildi. Bugungi bahs Qo'qondagi to'rtinchisi bo'ladi. Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari uyda navbati bilan "Buxoro"ni 3:0, "So'g'diyona"ni 2:1 va "Qizilqum"ni 4:0 hisobida mag'lub etishdi. Lekin jamoaning safar o'yinlarida omadi kelmayapti: ikkita mag'lubiyat. 

"Surxon" hisobida hozircha bitta g'alaba bor, u ham Navoiyda "Qizilqum" ustidan 2:1 hisobida qo'lga kiritilgan. Jamoa oxirgi uchta turda bir bor durang o'ynab, ikki marta mag'lub bo'ldi. Bugungi o'yin termizliklar uchun safardagi uchinchi bahs bo'ladi. Jamoa o'tgan tur Olmaliqda AGMK mehmoni bo'lib kichik hisobda imkoniyatni boy berdi. 

Bugungi qarama-qarshilikda "Qo'qon-1912"ning imkoniyati birmuncha yuqori ko'rinyapti. Jamoa birinchidan o'z maydonida o'ynaydi. Ikkinchidan "Qo'qon-1912" uy bahslarida juda ishonchli o'yin ko'rsatib kelyapti. O'z navbatida "Surxon"gayam uch ochko kerak, bu esa uchrashuv qiziqarli kechishidan darak beryapti. 

P.S. Soat 18:15da boshlanadigan uchrashuvni "Sport" telekanalida to'g'ridan to'g'ri kuzatib boring.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia