Bugun futbol. "Neftchi" - "Olimpik"

Xayrulla Xoliqov
10 may 2022, 12:07
Bugun bo'lib o'tadigan ikkita o'yin bilan Superliganing 8-tur uchrashuvlariga start beriladi.

O'zbekiston olimpiya terma jamoasining o'zagini tashkil etuvchi "Olimpik" bugun Yaypanda "Neftchi" mehmoni bo'ladi. Bilasiz, Farg'onadagi stadion mavsumga to'liq tayyor bo'lmagani bois o'yin Yaypanda tashkil etiladi. 

Turnir jadvalida "Neftchi" 4 ochko bilan oxirgi o'rinda bormoqda. Farg'onaliklar hisobida 7 o'yindan faqat bitta g'alaba bor. Jamoa dastlabki turda "Qo'qon-1912" ustidan 1:0 hisobida g'alaba qozongandi. Shunlan so'ng "Neftchi" qatorasiga 4ta mag'lubiyatni qabul qildi. 

Samarqandda "Dinamo" bilan 1:1 o'ynagan jamoa o'tgan tur yana Yaypandagi o'yingohda mag'lubiyatga uchradi. Bu safar "Lokomotiv" g'alaba qozonib ketdi. Joriy mavsum Superligaga qaytgan "Neftchi"ning negadir omadi kelmayapti. Shu bois ham har o'yindan so'ng bosh murabbiy Ilhom Mo'minjonovning iste'fosi haqidagi gaplar quloqqa chalinyapti. 

"Olimpik" haqida gapiradigan bo'lsak, "Superliga" debyutanti 7 o'yinda 7 ochko jamg'arishga ulgurdi. "Olimpik" ham hozircha bitta uchrashuvda g'alaba qozongan. Timur Kapadze shogirdlari "Bunyodkor"ni 5:1 hisobida mag'lub etib, ancha shov-shuv ko'tarishdi. Lekin o'tgan tur jamoa o'z maydonida "Dinamo"ni enga olmadi va 1:1 hisobida durang natija qayd etdi. "Olimpik"da to'plar nisbati ham yaxshi 8-6. 

Bugun Yaypanda qiziqarli to'qnashuv kechishi kutilyapti. Negaki g'alaba har ikki jamoaga zarur. Ayniqsa "Neftchi" juda qiyin ahvolda qolgan. Balki bugungi o'yin Ilhom Mo'minjonov uchun oxirgi imkoniyat bo'lishi ham mumkin.

10 may, seshanba

19:00. NEFTCHI – OLIMPIK

Hakamlar: Ahrol Risqullaev, Sanjar Shoyusupov, Alisher Usmonov, Ibrohim Ismoilov

Nazoratchi: Igor Nexochin

VAR hakami: Asker Najafaliev

VAR assistenti: Maksim Nexochin

Komissar: Sherzod Rajabov

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia