Bugun futbol. "Nasaf" - "Navbahor"

Xayrulla Xoliqov
14 iyun 2020
Bugun Superliganing 4-tur bahslari davom ettiriladi.

Qarshida "Nasaf" "Navbahor"ni qabul qiladi. Aytish mumkinki, bu o'yinga turning markaziy uchrashuvi sifatida qaralmoqda. Turnir jadvalida "Nasaf" 9 ochko bilan ikkinchi o'rinda boryapti. Jamoa bungacha o'tkazilgan uchta bellashuvning hammasida g'olib chiqqan. "Navbahor" esa 4 ochko bilan hozircha 8-o'rinda boryapti. 

Aytib o'tganimizdek, "Nasaf" avvalgi uchta turning hammasida g'alaba qozondi. Qarshiliklar dastlab "Qizilqum"ni 3:1, 2-turda "Andijon"ni 2:1 va o'tgan tur "Surxon"ni ham 2:1 hisobida mag'lub etishdi. "Nasaf" har uchala o'yinda o'z darvozasidan bittadan gol o'tkazib yubordi. Lekin jamoa 9 ochko jamg'arganini hisobga olsak, karantingacha ancha yaxshi o'yin namoyish etgani oydinlashadi. 

"Navbahor" esa bu yilgi Superligani mag'lubiyat bilan boshladi. "Lochinlar" Toshkentda "Paxtakor"ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Keyingi turni o'z maydonida "Lokomotiv"ga qarshi o'tkazgan jamoa 2:0 hisobida zafar quchishning uddasidan chiqdi. Shundan so'ng Andrey Kanchelskis shogirdlari Andijonga safar qilib mehmonda 0:0 o'ynashdi. 

Bugungi bahs "Navbahor"ning safardagi uchinchi o'yini bo'ladi. Bungacha ikkita bellashuvda g'olib chiqa olmagan namanganliklar bugun yutishga harakat qilishadi. "Nasaf" esa qatorasiga to'rtinchi g'alabasini qo'lga kiritishga urinib ko'radi. 

P/S. Soat 20:00da boshlanadigan o'yinni "Sport" telekanali orqali to'g'ridan to'g'ri kuzatib boring.



Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia