Bosh maqsad - Surxondaryo futboli nufuzini ko'tarish

Narzulla Saydullayev
6 fev 2017, 15:38
Bugun Surxondaryo viloyati hokimligida vohada futbol ommaviyligini oshirish va yanada rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Tadbirda viloyat madaniyat va sport boshqarmasi, futbol federatsiyasi, bolalar va o'smirlar sport maktablari, tuman hokimliklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Yig'ilishni viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimov ochdi va olib bordi.

- Surxondaryo azaldan istedodli va mahoratli futbolchilarga boy, - dedi Erkinjon Oqbo'taevich. - Ammo oxirgi yillarda viloyatda bu sohada amalga oshirilgan ishlarni qoniqarli baholab bo'lmaydi. Viloyat futbol federatsiyasi ishini tanqidiy tahlil qilib zarur choralar ko'rishni davr talab etmoqda. Surxondaryolik o'nlab istedodli futbolchilar bugun oliy liganing bir qator klublari va mamlakat o'smirlar, yoshlar hamda milliy terma jamoalari sharafini himoya qilayotgan bir pallada viloyatda na ikkinchi liga va na viloyat kubogi uchrashuvlari o'tkazilmayotganligini oqlab bo'lmaydi. Bolalar ligasi haqida gapirish esa ortiqcha. Viloyatda futbol muxlislar ko'p. Yangi-yangi istedodlar sport maktablarida tarbiyalanmoqda. Ammo ularning voyaga etgandan so'ng jamoa topa olmay ora yo'lda yo'qolib ketayotganlari ham yo'q emas. Shularni hisobga olgan holda viloyatning bosh jamoasi - “Surxon” (Termiz) futbol klubini tashkil qildik. “Neftchi” (Jarqo'rg'on) jamoasining sport bazasi talabga javob bermaganligi tufayli uning o'rniga birinchi ligada “Surxon” futbol klubi qatnashadi. Jamoa uy uchrashuvlarini Termizdagi “Alpomish” stadionida o'tkazadi. Futbolchilar va murabbiylar shtabi uchun Termiz shahrida barcha shart-sharoitlar yaratish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.

Yig'ilishda bir qator tashkiliy masalalar ko'rib chiqildi. Jumladan, shu kungacha viloyat futbol federatsiyasi birinchi vice-prezidenti vazifasida ishlab kelgan Erkin Boqiev o'z vazifasidan ozod etildi. Uning o'rniga mamlakatimizning “To'palang” (Sariosiyo), “Buxoro”, “Surxon” (Termiz) jamoalarida o'ynagan, oxirgi paytda Sariosiyo tuman BO'SMida murabbiy-o'qituvchi bo'lib ishlagan Najmiddin Meliqulov viloyat futbol federatsiyasi birinchi vice-prezidenti etib tayinlandi.

Turli yillarda “Nasaf” (Qarshi), “Qizilqum” (Navoiy) professional futbol klublarida matbuot xizmati rahbari bo'lib ishlagan Erkin Xolboboev “Surxon” professional futbol klubi Ijrochi direktori, “Mashal” (Muborak), “Norin” (Haqulobod) jamoalarida faoliyat ko'rsatgan mutaxassis Vali Keldiev esa “Surxon” jamoasi bosh murabbiyi sifatida ish boshladi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia