⚡️ Bilasizmi? Nogiron-amputantlar o'rtasidagi JCH-2022'da qatnashish uchun har bir termadan badal puli olingan. Sovrin jamg'armasi haqida esa ma'lumot yo'q

Eldor Akmurzayev
8 okt 2022, 00:10
Nogiron-amputantlar o'rtasidagi 17-jahon chempionati yakuniy nuqtaga yetib keldi.

Afsuski, O'zbekiston terma jamoasi yarim finalda minimal (0:1) hisobda mezbonlarga imkoniyatni boy berdi. Endi vakillarimiz 9 oktyabrda 3-o'rin uchun Gaiti bilan bahs olib boradi. Finalda esa yana Turkiya – Angola bahsi bo'lib o'tadi. Ular o'tgan mundialda ham bir-biriga qarshi to'qnash kelgan va o'shanda Afrika vakili penaltilar seriyasida zafar quchib, ilk bor bosh sovrin egasiga aylangandi.

Avvalroq, musobaqaning hal qiluvchi o'yini 9 oktyabr kuni “Galatasaroy”ning 52 mingdan ortiq tomoshabinnni o'z bag'riga sig'dira oladigan muhtasham o'yingohi ("Turk Telekom Arena")da bo'lib o'tishi haqida xabar bergandik.

Bizga ma'lum bo'lishicha, musobaqada qatnashish uchun har bir ishtirokchi (24 ta) terma jamoadan 5,000 (umumiy 120,000) dollar miqdorida badal puli olingan. Turkiyadagi mundialning sovrin jamg'armasi haqida esa aniq ma'lumot yo'q.

Biroq, faqatgina 2012 yil Rossiyaning Kaliningrad shahrida o'tgan turnirda musobaqa g'olibiga (o'shanda O'zbekiston bo'lgan) 20 ming dollar pul mukofoti, ikkinchi hamda uchinchi o'rinlarga 15 va 5 ming dollar miqdorida mablag' berilgani haqida xabarlar bor. Ungacha esa hech qanday sovrin jamg'armasi bo'lmagan.  

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Championat.asia