Bahodir Murtozaev: "Mashal" Superligada o'z o'rniga ega bo'ladi"

Narzulla Saydullayev
24 dek 2019
Muborakning “Mashal” jamoasi ikki yildan so'ng Superligaga chiqishga muvaffaq bo'ldi.

Garchi tarkib jihatdan yosh hisoblansada, kuchli ishtiyoq va xohish evaziga elita yo'llanmasini qo'lga kiritdi deya olamiz. Bu gapimizni tajribali futbolchi Bahodir Murtozaev tasdiqlagan holda, ayrim savollarimizga javob berib o'tdi.

- Avvalo, “Mashal”ni Superligaga chiqqani bilan tabriklaymiz. Keling dastlab hozirga qadar bosib o'tilgan yo'l haqida... Mavsum boshida jamoa a'zolari bunga qay darajada ishongan edi?

- Rahmat yutuqlarimiz bardavom bo'lsin. Hozirgi kunga qadar katta yo'lni bosib o'tdik. Ijobiy natijalarga erishishimizning asosiy sabablari klubimizdagi ichki muhitning yaxshiligi deb bilaman. Jamoadagi o'yinchilarning o'z kuchiga bo'lgan ishonchi yuqori ekanligi ham muvaffaqiyatda muhim rol o'ynadi.

- PRO-Ligadagi aksariyat klublarda mahoratli va tajribali futbolchilar to'p tepdi. “Mashal” esa asosan yoshlarga tayanib ish tutdi. Natija esa hammaga ma'lum. Bundan ko'rinib turibdiki, klub akademiyasi yana avvalgi ravon yo'lga qaytmoqda...

- “Mashal” akademiyasi tarbiyalanuvchilari qanday natijalarga erishganligi barchaga ma'lum. Masalan, MTJ a'zolari Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov, Sanjar Quvvatov, Eldorbek Suyunov kabilar shular jumlasidandir. Hozirgi yetishib chiqayotgan yoshlarimiz ham, akalaridek yutuqlarga ega chiqish uchun mashg'ulotlarda astoydil ter to'kishmoqda. Murabbiylarning ko'rsatmalarini tartib bilan bajarishmoqda.



- Rahbariyat jamoani moddiy tomonlama rag'batlantirdimi?

- Albatta. Klub mutassadilari futbolchilarni har tomonlama munosib rag'batlantirdi. Biz futbolchilar ham bildirilayotgan ishonchni oqlab, Superligada yaxshi natijalarga erishish uchun harakat qilamiz.

- Keyingi mavsumda jamoani kuchlilar safida o'z o'rnini topib olishi qiyin kechmasmikan? Boisi, ancha vaqtdan so'ng elitaga qaytgan “Dinamo” va “Andijon” yaxshigina muammolarga duch kelishdi...

- Bilamizki Superligada kuchsiz jamoa bo'lmaydi. O'z navbatida biz ham ulardan kam emasligimizni isbotlamoqchimiz.

- Mavsumni Aleksandr Xomyakov boshchiligida boshlab, Asror Aliqulov murabbiyligida tugatdinglar. Bu ikki mutahassis o'rtasidagi tafovutni ayta olasizmi?

- Ikkisini ham yaxshi murabbiy deb o'ylayman. Aleksandr Xomyakov “Mashal” bilan avval qanday yutuqlarni qo'lga kiritganini bilasiz. Uning keyingi faoliyatiga omad tilab qolaman. Asror Aliqulov futbolchilik paytlaridan boshlab hammaga tanilib ulgurgan. Ko'pchilik bolaligidan Aliqulovdek o'yinchi bo'lishni orzu qilardi.



Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia