APL klublari Navas bilan shartnoma imzolamoqchi

Sherzod Nurmatov
18 yanv 2023
Angliyaning "Nottingem Forest" va "Bornmut" klublari kosta-rikalik darvozabon Keylor Navasni o'z tarkibiga jalb qilish istagida.

Angliya klublari PSJ darvozabonini sotib olish haqida o'ylamoqda. Klub bilan shartnomasining tugashiga bir yarim yil qolganiga qaramay, 36 yoshli posbon joriy mavsum parijliklar safida atigi bir marta Fransiya Kubogi doirasidagi uchrashuvda maydonga tushirildi. "Real"ning sobiq darvozaboni "qirollik klubi" bilan 3 marta Chempionlar Ligasida zafar quchgan bo'lsa-da, PSJda italiyalik Janluiji Donnarummadan keyin ikkinchi raqamli darvozabon bo'lib qolmoqda.

Angliya chempionati klublari tajribali futbolchiga qiziqish bildirayotgani ma'lum bo'lishidan avval Navasga sobiq jamoadoshi Krishtianu Ronaldu yaqinda borib qo'shilgan "Al Nassr" rasman taklif bilan chiqdi. Navasning 12 mln evrolik yillik maoshi Saudiya Arabistoni klubini cho'chitgani yo'q, biroq ular raqobat anchagina kuchli bo'lgan liga vakillaridan tushayotgan taklif oldida qiyinchilikka duch kelishi mumkin. 

"Nottingem Forest" darvozaboni Din Henderson ushbu mavsum ko'plab ajoyib individual mahoratini namoyish etdi. Biroq u "Manchester Yunayted"dan ijaraga olingan. Agar "qizil iblislar" bilan mavsum so'ngida qo'shimcha ijara bitimi kelishib olinmasa, "Forest" o'zining yulduz "qo'riqchisi"siz qolishi mumkin. Navasning olib kelinishi uning uchun munosib o'zgarish bo'lishi tayin. "Bornmut" ushbu mavsum deyarli bir xil darajadagi ikki darvozabonni ish bilan taminladi. Biroq jamoa so'nggi 10 o'yinda bor-yo'g'i 4 ochko jamg'ardi. Ushbu yomon seriyada "Bornmut" darvozabonlari 21 ta to'p o'tkazib yubordi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Get French Football News