“Andijon-Turon” futzal jamoasi nazorat uchrashuvi o'tkazdi

Narzulla Saydullayev
15 yanv 2018, 16:30
“Andijon” futbol klubi qoshidagi “Andijon-Turon” futzal jamoasi ham yangi mavsumga hozirlik ishlarini olib bormoqda.

Jamoaning o'quv-yig'iniga sobiq futzalchilar Xayrullo Tojiboev va Shavkat Muhitdinov boshchilik qilmoqda. Tarkibda asosan yosh futzalchilar ekanligini aytish lozim. “Andijon-Turon” o'tgan hafta o'z uyida “Navbahor” futzal jamoasi bilan nazorat uchrashuvini o'tkazdi. Qiziqarli va tomoshabop ruhda o'tgan bahsda namanganliklar 7:5 hisobida g'alaba qozondi. 

Ushbu sinov-nazorat o'yini orqali murabbiylar tarkibdagi futzalchilarning imkoniyatlarini ko'zdan kechirdi. Murabbiy Xayrullo Tojiboev tayyorgarlik haqida qisqacha shunday dedi: - 10 yanvardan yangi mavsumga tayyorgarlikning ikkinchi bosqichini boshlaganmiz. Hozircha kuniga bir mahaldan mashg'ulot olib borilmoqda. Tarkibda asosan yoshlar ekanligini aytish lozim. Ularni tarbiyalab boramiz va kurashchan jamoa shakllantirishga xarakat qilamiz. “Andijon” futbol klubi rahbariyati tomonidan futzal jamoasiga jiddiy e'tibor qaratilmoqda va bizni qo'llab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman.  


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: “Андижон” матбуот хизмати