“Andijon” navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlikni boshladi

Narzulla Saydullayev
3 iyun 2016, 11:16
“Sho'rtan”ga qarshi uchrashuvdan so'ng murabbiylar shtabi futbolchilarga ma'lum muddatlik dam bergandi va 1 iyun kunidan jamoamiz yana o'z qarorgohida yig'ildi.

Oliy liganing navbatdagi turida “burgutlar” Bekobodda “Metallurg” mehmoni bo'ladi. Bo'lajak bahsga tayyogarlik boshlandi.

Navbatdagi muhim o'yin oldidan jamoamizda jaroxat bilan bog'liq muammo yuzaga kelgan. Yaqinda operaciyadan qaytgan himoyachi Javlon Guseynov yana safdan chiqdi. Aytishlaricha futbolchi katta extimol bilan ikkinchi davradan maydonga qaytadi.

Shuningdek Bobur Akbarov, Otabek Valijonov, Solohiddin Solohidinov ham jaroxat sabab mashg'ulotlarda ishtirok eta olmayapti. Ulardan tashqari kichik jaroxat  tufayli G'ulom O'runov, Iqbol Boboxonov va Ibrohim Otaxonov mashg'ulotlarda individual tarzda shug'ullanmoqda.

Serbiyalik hujumchi Nemanya Yovanovich yurtiga borib kelish uchun jo'nab ketgan. Tajribali futbolchi shu kunlarda Andijonga yetib keladi.

Darvoqe, bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovning sog'ligi bilan bog'liq muammo yuzaga kelgani sababli bosh murabbiy ayni damda jamoa bilan birga emas. Mashg'ulotlarni esa uning yordamchilari Zohid Nurmatov, Shuhrat Maqsudov, Hislat Chilmatov va Kamol Jo'nashev o'tkazmoqda.

Eslatib o'tamiz, “Metallurg”ga qarshi o'yin 10 iyun kuni bo'lib o'tadi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcandijon.uz