Anchelotti: “0:2 vaqtida “Siti” bilan o'yindagi kabi kambek takrorlanishi haqida o'ylayotgandim”

Eldor Akmurzayev
22 fev 2023, 09:15
Chempionlar Ligasi 1/8 finalida “Liverpul” ustidan safardagi chiroyli g'alabadan keyin “Real” ustozi Karlo Anchelotti o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

“Oson bo'lmadi, ayniqsa, o'yin startini hisobga olsak. Ishonchni yo'qotmadik va asta-sekin to'p nazoratini qo'limizga oldik, hujumda samarali harakat qildik.

Vinisius qoyilmaqom o'yin ko'rsatdi. Birinchi bahs yaxshi o'tdi, ikkinchisida esa kurashish va sabr qilish kerak.

Hisob 0:2 paytida “Manchester Siti” bilan o'yindagi kabi kambek takrorlanishi haqida o'ylayotgandim. Shunday ham bo'ldi, faqat undan yaxshiroq. Gol urishni, xavf yaratishni boshladik, himoyada xatosiz o'ynashga o'tdik.

Hali hech narsa hal bo'lmagan. “Liverpul” ikkinchi, biz esa birinchi bo'limda omadsizlikka uchradik. Ko'nglim to'ldi, uchrashuv yaxshi o'tdi”, deydi italiyalik mutaxassis.

Eslatib o'tamiz, o'tgan mavsum madridliklar safarda “Siti”ga 3:4 hisobida yutqazgan. Uydagi bahsda esa Anchelotti shogirdlari 0:1 ni 73-daqiqadan keyin 3:1 ga aylantirib, finalga yo'l olishgan va yakunda 14-marotaba YCHL g'olibiga aylanishgandi.

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Marca