Aleksandr Ejov: "Futbolda g'alaba va mag'lubiyat yonma-yon yuradi"

Narzulla Saydullayev
30 apr 2021
O'zbektston Coca-Cola kubogi guruh bosqichining 3-turidan o'rin olgan "Sho'rtan" - "Xorazm" (4:1) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Aleksandr Ejov o'z fikrlarini bildirib o'tdi.




O'yin haqida

- Bugun qiyin o'yin o'tkazdik. "Sho'rtan" bilan chempionat doirasidagi o'yinda g'alaba qozongandik. Bugun ko'rib turganingizdek mag'lubiyatga uchradik. "Sho'rtan" diskvalifikaciya va jarohatlar tufayli muammolarga uchrab kelayotgan edi. Bugun ularda ishonch paydo bo'libdi, jamoa hujumkor o'yin namoyish etdi. Ishlashda davom etamiz, oldinda bizni Pro-ligada muhim o'yinlar kutib turibdi.

- "Sho'rtan"ni chempionat doirasida mag'lub etgandinglar. Bugun esa jamoangiz yutqazdi. Buning sababi nimada?


- "Sho'rtan" yaxshi jamoa, tarkibida bir qator mahoratli futbolchilar jam bo'lgan. Bugun bizda xatolar ko'payib ketdi. Shuning evaziga mag'lub bo'ldik. Yigitlar hujumga berilib ketganida qarshi hujumda yuzaga kelgan bo'sh xududlardan raqib unumli foydalandi.

- Jamoangiz oldiga joriy mavsumda qanday vazifalar qo'yilgan?


- "Xorazm" har bir o'yinda maydonga g'alaba uchun chiqadi. Jamoamiz oldidagi maqsad va vazifa shulardan iborat. Raqibni mag'lub etsangiz tabiiy xolda natija o'z-o'zidan kelaveradi.

- "Sho'rtan" jamoasi murabbiyi jamoangizni ochiq futbol o'ynaydi deb ta'kidladi. Jamoangizni mag'lubiyatiga shu omil sabab bo'ldi deb hisoblaysizmi?

- Takror aytaman, "Sho'rtan" yaxshi jamoa. Futbolda g'alaba va mag'lubiyat hamisha yonma-yon yuradi. Shu sababli bu sport turi qiziqarli hisoblanadi. Jamoa yutqazdimi, demak murabbiy qayerdadir xato qilgan. Shunday ekan kamchiliklarimiz ustida ishlashda davom etamiz.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia