Abdulla Abdullaev: “Barchamiz bitta vatan sharafini himoya qilamiz”

Narzulla Saydullayev
16 dek 2019
Barchangizga ma'lumki, O'zbekiston olimpiya terma jamoasini yanvar oyida muhim musobaqa kutib turibdi.

Tailanddagi Osiyo chempionatida o'rtaga Olimpiada yo'llanmasi tikilgani bois, bu turnirnining mas'uliyati o'ta yuqori. Biz bu borada ayrim savollarimiz bilan jamoa yarim himoyachisi Abdulla Abdullaevga murojaat qildik.

- Futbolchilar olimpiya terma jamoa ixtiyoriga turli holatda yetib keladilar. Bu jamoaviy o'yinni shakllanishiga to'sqinlik qilmaydimi?
- Futbolchilar o'z klublaridan boshqacha kayfiyatda yetib kelsada, bu tayyorgarlik jarayoniga aslo ta’sir qilmaydi. Terma jamoada maqsad bitta bo'ladi. Bunday paytda klubda bo'lib o'tgan ishlar ikkinchi darajaga tushadi. Bollarda kayfiyat yaxshi. Asosiy tayyorgarlik Dubayda bo'lib o'tadi, unda bir qator jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazilishi rejalashtirilgan.

- Masalan “Bunyodkor” jamoasi a'zolari bronza medaliga ega chiqdi. “Paxtakor” chempionlikni qo'lga kiritdi. Qolgan klublar pastki pog'onalarni zabt etdi. Bu ichki muhitga qanday ta’sir qiladi?
- Bu borada havotirga o'rin yo'q. Barcha futbolchilar ahil-inoq. Undan ham yaqin bo'lib ketganmiz. Barchamiz bitta vatan sharafini himoya qilamiz, bitta jamoani a'zosi hisoblanamiz. Uchinchi o'rinni oldi, ettinchi o'rinni oldi degan gap yo'q bizda.



- Vadim Abramov sizni joriy yilda markaziy himoyachi sifatida ko'proq maydonga tushirdi. O'zingizni himoyaga mansub o'yinchi deb o'ylaysizmi?
- Har bir murabbiy futbolchini o'ziga maqul kelgan tarafini tanlaydi. Masalan Mirjalol Qosimovga oldingi chiziqdagi harakatlarim yoqqani uchun, hujumchi ortiga qo'yardi. Abramov esa himoyada sinab ko'rdi. Menimcha OTJda tayanch yarim himoyada o'ynasam kerak. Markaziy himoyada yaxshi futbolchilar bor. Murabbiy meni qaysi poziciyaga qo'ysa o'sha joyda harakat qilishga tayyorman.

- Dastlab Dubayda o'quv mashg'ulot yig'ini olib boriladi. So'ng Tailandga yo'l olasizlar. Uzoq muddatli parvoz jamoani jismoniy imkoniyatini pasaytirib yubormaydimi? Avvalari bundan juda ko'p aziyat chekkanmiz...
- Shularni inobatga olgan holda Dubaydan to'g'ridan-to'g'ri Tailandga uchamiz. Ikki joyni iqlimi deyarli bir xil. Deylik havodagi bosim, namlik o'xshash. Barchasi bizning foydamiz uchun qilinmoqda. Muvaffaqiyatli ishtirok etishimiz uchun barcha ish qilindi. Kyetishimiz oldidan tashkil etilgan tadbir ham ruhiyatimizga yanada qo'shimcha kuch berdi deb o'ylayman.


Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia