Abbosbek Maxstaliev - Guliston jamoasi yordamchi murabbiyi

Aslanov Jasurbek
4 mar 2026
O'smirlar va yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatlarining porloq yulduzlaridan biri bo'lgan Abbosbek Maxstaliev murabbiylik faoliyatida yangi sahifa ochdi.

U rasman Guliston klubi murabbiylar shtabidan joy oldi.

Murabbiylikdagi yangi qadam

Ma'lum qilinishicha, yosh mutaxassis Guliston bosh murabbiyi Abbos Ergashevga yaqindan ko'maklashadi. Maxstaliev o'tgan mavsumda Sirdaryo FA jamoasini boshqarib, murabbiylik borasida dastlabki tajribasini to'plagan edi. Bundan tashqari, u Sirdaryo viloyati futbol akademiyasida ham yosh iqtidorlarga o'z bilimlarini o'rgatib kelmoqda.

Futbolchilik faoliyatidagi yorqin izlar:

Muxlislar Abbosbekni nafaqat O'zbekiston o'smirlar va yoshlar terma jamoalari safidagi kichik mundiallardagi qahramonliklari va muhim gollari orqali, balki poytaxtning Paxtakor klubidagi (2011-2014 yillar) yorqin o'yinlari bilan ham juda yaxshi eslashadi.

Uning klublar miqyosidagi faoliyati qisqacha:

2011-2014 yillar: Paxtakor

2015-2018 yillar: Neftchi

2019-2020 yillar: Surxon

2023 yil: Yangier (Birinchi ligada chempion bo'lib, jamoa bilan Pro ligaga yo'llanma olgan).

Shuningdek, elimizning faxriga aylangan bu sobiq futbolchi davlatimiz tomonidan O'zbekiston iftixori ko'krak nishoni bilan ham taqdirlangan.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: "Гулистон" матбуот хизмати