Abbosbek Fayzullaev: "Oldimizda faqat bitta yo'l bor - g'alaba qozonish"

Оқил Абдубарноев
26 may 2023
O'zbekiston U-20 terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaev Gvatemalaga qarshi o'yin oldidan o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- Bo'lajak uchrashuvga tayyorgarlik qanday ketmoqda?

- Bizni qo'llab-quvvatlayotgan barcha o'zbek xalqiga minnatdorchilik bildiraman. Biz buni his qilib turibmiz. Tayyorgarlik avjida. Guruh bosqichining so'nggi o'yini qoldi. Oldimizda faqat bitta mas'uliyatli yo'l bor - g'alaba qozonish. Lekin bu hech qanday bosim yuklamaydi. Maydonga chiqishimiz va g'alaba qozonishimiz kerak. Bundan boshqa yo'limiz yo'q.

- Yangi Zelandiyaga qarshi o'yinda muhim gollardan birini urdingiz. O'shanda qanday hissiyotlarni boshdan kechirdingiz? Maydonda bevosita otangiz ham uchrashuvni kuzatib borayotgandi.

- Jahon chempionatida gol urish har bir futbolchining orzusi deb o'ylayman. Bundan tashqari, stadiondan turib dadam qo'llab-quvvatlab turgandi. Bu yanada o'zgacha hissiyot taqdim etadi. Gol urgach, ularga qaradim. Xursandchiligini ko'rib, boshqacha bo'lib ketdim. Lekin bu golimni rahmatli tog'amga bag'ishladim. 

- Yangi Zelandiyaga qarshi o'yin davomida sizni turli nuqtlarda paydo bo'lganingizni ko'rdik. Poziciyani almashtirgan holda harakat qilish murabbiy ko'rsatmasi edimi yoki o'z tashabbusingizmi?

- Ikkalasini ham to'g'ri desa bo'ladi. Chunki raqib himoyachilari juda zich o'ynashdi. Shu bois, poziciya almashtirib, bo'sh zonalarni topishga harakat qildik. 

- Osiyo kubogida Xoldorxonov bilan ajoyib tandem hosil qilgandingiz. Mazkur turnirda esa hujumchimiz unchalik ko'zga tashlanmayotgandek taassurot qoldirmoqda. Bunga qanday munosabatdasiz?

- Xoldorxonov jamoamizdagi eng kuchli hujumchi deb o'ylayman va hamisha uni qo'llab-quvvatlayman. Xudo xohlasa, keyingi o'yinda gol urib, o'zining yorqin o'yinini ko'rsatishni boshlaydi.

- Gvatemalaning qaysi jihatini yuqori baholaysiz?

- Raqib tartibli himoyalanadi va jangovar o'yin namoyish etadi. Biz ularni o'rganib chiqdik. Ertangi o'yinda ularga qarshi chora ko'ramiz.



Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia